Ta’lim jarayonida o‘quvchilarning bilimini rivojlantirish nafaqat ma’lumotni yodlab olish, balki uni tushunish, tahlil qilish va yangi g‘oyalar yaratish bilan ham bog‘liq. Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan chiqarilgan metodik maqolada Blum taksonomiyasi o‘qituvchilarga o‘quv maqsadlarini aniq belgilash, ularni tizimli ravishda tartibga solish hamda o‘quvchilarning fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim metodik asos bo‘lib xizmat qilishi haqida so‘z yuritilgan.
Avvalroq, dars jarayonida vazifani tez tugatadigan o‘quvchilar bilan ishlash bo‘yicha samarali pedagogik yondashuv mavzusida tavsiyaviy material chiqarilgan edi.
Blum taksonomiyasi nima?
Blum taksonomiyasi – bu o‘qituvchi va o‘quvchilarga o‘quv maqsadlarini aniq belgilash, tasniflash hamda o‘rganish jarayonini bosqichma-bosqich tashkil etishga yordam beradigan metodik vositalar tizimi.
Uning eng mashhur talqini kognitiv soha – ya’ni fikrlash jarayoniga asoslanadi. Mazkur model o‘rganish jarayoni oddiydan murakkabga tomon izchil rivojlanishini ta’kidlaydi.
Blum taksonomiyasining qisqacha tarixi
Blum taksonomiyasi ilk bor 1946-yilda amerikalik psixolog Benjamin Blum tomonidan ishlab chiqilgan. Keyinchalik u 2001-yilda yangilangan shaklda taqdim etilib, bugungi kunda ko‘plab ta’lim konsepsiyalari va metodikalarining asosiy tayanchiga aylangan.
Blum taksonomiyasi darslarni rejalash, topshiriqlarni murakkablik darajasiga ko‘ra tuzish hamda o‘quvchilarning fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishda juda samarali hisoblanadi.
Blum taksonomiyasining asosiy bosqichlari
Blum taksonomiyasi bo‘yicha o‘quv faoliyati 6 ta bosqichdan iborat:
- eslab qolish — fakt, atama, qoida va tushunchalarni yodda saqlash;
- tushunish — ma’lumotni anglash, izohlash va mazmunini tushuntirish;
- qo‘llash — o‘rganilgan bilimni amaliy vaziyatlarda ishlatish;
- tahlil qilish — ma’lumotni qismlarga ajratish, solishtirish va sabab-oqibatni aniqlash;
- baholash — xulosa chiqarish, mezon asosida fikr bildirish va tanqidiy yondashish;
- yaratish — yangi g‘oya, loyiha, yechim yoki mahsulot yaratish.
Blum taksonomiyasi orqali kognitiv fikrlashni rivojlantirish
Blum taksonomiyasi o‘quvchilarning fikrlash jarayonini bosqichma-bosqich rivojlantirishga yordam beradi.
Quyi darajadagi fikrlash savollari o‘quvchilarni bilimni eslab qolish, tushunish va qo‘llashga undaydi. Bu esa yuqori darajadagi fikrlash savollari uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Yuqori darajadagi savollar esa o‘quvchilarning tahlil qilish, baholash va yaratishga chorlaydi.
HOTS va LOTS tushunchalari
HOTS va LOTS — bu Blum taksonomiyasi asosida o‘quvchilarning fikrlash darajalarini ifodalovchi tushunchalar.
LOTS (Lower Order Thinking Skills)
LOTS — past darajadagi fikrlash ko‘nikmalarini anglatadi. Bu bosqichlar asosan bilimni eslab qolish va tushunishga qaratilgan.
LOTS quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- bilish — eslab qolish, yodlash;
- tushunish — izohlash, tushuntirish;
- qo‘llash — o‘rganilgan bilimni oddiy vaziyatlarda ishlatish.
Masalan, ta’rifni aytib berish, formulani qo‘llash yoki matnni qayta hikoya qilish LOTS darajasiga kiradi.
HOTS (Higher Order Thinking Skills)
HOTS — yuqori darajadagi fikrlash ko‘nikmalarini anglatadi. Bu bosqichlarda o‘quvchilar tahlil qilish, baholash va ijodiy fikrlashni namoyon etadi.
HOTS quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- tahlil — solishtirish, sabab-oqibatni aniqlash;
- baholash — fikr bildirish, xulosa chiqarish;
- yaratish — yangi g‘oya, loyiha yoki yechim ishlab chiqish.
Masalan, muammoni tahlil qilish, fikrni asoslab baholash yoki yangi loyiha ishlab chiqish HOTS darajasiga kiradi.
LOTS va HOTS o‘rtasidagi farq
Bu ikki tushuncha o‘quvchilarning fikrlash darajasini ifodalaydi:
LOTS: “Nimani bilaman?”
HOTS: “Nega shunday?” yoki “Qanday yaxshiroq bo‘lishi mumkin?”
Xulosa qilib aytganda, LOTS bilimni mustahkamlashga xizmat qilsa, HOTS o‘quvchilarning tanqidiy va ijodiy fikrlashini rivojlantiradi.
Mualliflar: Baxodir Xasanov, Gulnoz Xodjayeva

