“Har kuni oz-ozdan ishlash ham katta natija beradi” — angrenlik 11-sinf o‘quvchisi

“Har kuni oz-ozdan ishlash ham katta natija beradi” — angrenlik 11-sinf o‘quvchisi

Toshkent viloyati Angren shahridagi 20-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Laziza Risbekova bir nechta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. U kimyo fanidan A+, o‘zbek tili va adabiyoti, tarix hamda biologiya fanlaridan esa B darajali milliy sertifikatlarga ega bo‘lgan.

 

Talimxabarlari.uz muxbiri Laziza bilan suhbatlashib, tayyorgarlik jarayoni, imtihon tajribasi va muhim tavsiyalari haqida o‘rtoqlashdi.

 

‘‘Boshida qiyin bo‘ldi..’’

 

Laziza kelgusida tibbiyot yo‘nalishiga hujjat topshirib, kelajakda malakali shifokor bo‘lishni maqsad qilgan.

 

Kelajakda malakali shifokor bo‘lishni maqsad qilganman. Shuning uchun, kimyo va biologiyaga alohida e’tibor qaratdim.

 

Sertifikat olish g‘oyasi unda ancha oldin paydo bo‘lgan. Oliy ta’limga kirishda milliy sertifikat ustunlik berishini bilgach, u jiddiy tayyorgarlikni boshlagan.

 

Jarayon boshida qiyin bo‘ldi, lekin reja asosida ishlaganim sababli asta-sekin natijalar yaxshilandi.

 

Har bir fan uchun alohida mehnat

 

O‘quvchi kimyo fanidan 3 yil, biologiyadan qariyb 2 yil davomida muntazam tayyorlangan. Tarix faniga 6 oy, ona tiliga esa 2 hafta vaqt ajratgan.

 

Lazizaning ta’kidlashicha, imtihon savollari o‘rtacha darajada bo‘lgan, ayrimlari murakkablik talab qilgan. Biroq ko‘p test ishlagani unga ishonch bergan.

 

Savollar o‘rtacha va ba’zi joylari murakkab edi. Lekin oldindan ko‘p test ishlaganim uchun juda qiyin tuyulmadi. Asosiysi — muntazamlik. Har kuni oz-ozdan ishlash ham katta natija beradi.

 

“Tartib-intizom – katta yordam berdi”

 

Maktab darslari va sertifikatga tayyorgarlikni birga olib borish uchun o‘quvchi vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga harakat qilgan.

 

Men kunlik reja tuzib ishladim. Maktabdan keyin ko‘p vaqtimni sertifikat fanlariga ajratardim. Dam olish vaqtini ham rejalashtirardim. Tartib-intizom esa katta yordam berdi.

 

Xususan, telefon va ijtimoiy tarmoqlar masalasida esa qat’iy yondashuvni tanlagan.

 

O‘zimga vaqt chegarasini qo‘yganman. Agar maqsad aniq bo‘lsa, telefon ustidan nazorat qilish mumkin, — deya qo‘shimcha qiladi u.

 

“Psixologik tayyorgarlik – juda muhim”

 

Lazizaning so‘ziga ko‘ra, imtihonga tayyorgarlik vaqtida test muhitini tasavvur qilgan holda tayyorlangan.

 

Agar hayajon kuchli bo‘lsa, bilgan narsangizni ham unutishingiz mumkin. Shu sababdan, ruhiy jihatdan tayyorlashga va o‘zimga bo‘lgan ishonchni oshirishga harakat qildim.

 

Shuningdek, test jarayonida u shoshilmaslikni, savolni oxirigacha diqqat bilan o‘qishni va avval oson savollardan boshlashni ma’qul ko‘rgan.

 

“Kechiktirmang”

 

Suhbat yakunida Laziza tengdoshlariga ayrim tavsiyalar berdi:

 

Eng birinchi maslahat — kechiktirmang. Vaqt juda tez o‘tadi. Muntazam o‘qing, xatolaringizni tahlil qiling va o‘zingizga ishoning. Natija birdan kelmasligi mumkin, lekin sabr va mehnat albatta samara beradi.

 

Lazizani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, buxorolik 11-sinf o‘quvchisi Feruza Fayzullayeva bir nechta fandan milliy sertifikatlarni olib, muddatidan oldin talabalikni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.

Talimxabarlari.uz muxbiri ushbu o‘quvchi bilan tayyorlagan intervyuni shu yerda o‘qishingiz mumkin.