“Harakat qilgan odam albatta natijaga erishadi”: AQSh oliygohiga grant yutgan angrenlik o‘quvchi

“Harakat qilgan odam albatta natijaga erishadi”: AQSh oliygohiga grant yutgan angrenlik o‘quvchi

Toshkent viloyati Angren shahar 20-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Ziyoda Jumaboyeva AQSHning New York shtatida joylashgan ‘‘University at Buffalo’’ universitetining iqtisodiyot yo‘nalishiga 4 yil uchun 56 ming AQSH dollari miqdorida grant asosida qabul qilindi.

 

Ziyoda Jumaboyeva Talimxabarlari.uz sayti muxbiriga AQSHning ‘‘University at Buffalo’’ universitetiga hujjat topshirish jarayoni, tanlovga sabab bo‘lgan omillar va tengdoshlariga maslahatlari haqida so‘zlab berdi.

 

Aynan shu universitetni tanlashingizga nima sabab bo‘ldi? 

 

— Bu universitetga grantga topshirishimning asosiy sababi — tadqiqot olib borish uchun keng imkoniyatlar va xalqaro talabalar uchun kuchli qo‘llab-quvvatlash tizimi mavjudligidir. Bundan tashqari, universitet xalqaro talabalar uchun alohida stipendiyalar hamda kampus ichida ishlash imkoniyatlarini taklif qiladi. Bu esa talabalar uchun juda katta ustunlik hisoblanadi.

 

Hujjat topshirish jarayoni qanday bo‘ldi?

 

— Bu universitetga topshirishni ancha oldin rejalashtirgan edim. Avvalo universitetning barcha talablarini batafsil o‘rganib chiqdim: IELTS va SAT ballari, esse mavzulari, tavsiyanomalar hamda kerakli hujjatlar ro‘yxati bilan tanishdim. Eng ko‘p vaqtim shaxsiy esselarga ketdi. Chunki ular faqat akademik natijalarni emas, balki inson sifatida kim ekaningizni ham bilishni xohlashadi.

 

Javob kelishini qancha vaqt kutdingiz?

 

— Hujjatlarni topshirgandan so‘ng taxminan 1,5–2 oy javob kutdim. Bu davr men uchun juda hayajonli bo‘ldi. Elektron pochtamni deyarli har kuni tekshirib yurganman.

 

Universitetga borish masalasi hal bo‘ldimi?

 

— Hozircha University at Buffalo’dan ijobiy javob oldim, ammo yakuniy qarorni hali chiqarganim yo‘q. Sababi, men boshqa universitetlarga ham hujjat topshirganman va ularning grant hamda moliyaviy yordam bo‘yicha javoblarini kutyapman. Chet elda o‘qishda eng muhim masala — moliyaviy ta’minot. Qaysi universitet yaxshiroq sharoit taklif qilsa, o‘shani tanlashni rejalashtiryapman.

 

Endi kelgusida qanday rejalar bor?

 

— Hozirda hujjatlarimni to‘liq tayyor holatda saqlab, viza jarayonlari, yotoqxona masalalari va qo‘shimcha grant imkoniyatlarini o‘rganishni rejalashtiryapman. Shu bilan birga, boshqa universitetlardan keladigan takliflarni ham solishtirib, eng to‘g‘ri qarorni qabul qilmoqchiman.

 

Chet el universitetlariga hujjat topshirayotgan tengdoshlaringizga qanday maslahatlar berasiz?

 

— Avvalo, faqat bitta universitetga umid bog‘lab qolmaslik kerak. Bir nechta oliygohga topshirish imkoniyatni sezilarli darajada oshiradi. Ikkinchidan, deadline’larni o‘tkazib yubormaslik juda muhim – ko‘pchilik aynan shu sabab imkoniyatdan mahrum bo‘ladi.

 

Eng asosiysi esa – o‘ziga ishonish. Chet el universitetiga topshirish qiyin tuyulishi mumkin, ammo harakat qilgan inson albatta natijaga erishadi.

 

Ziyodani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Jumaboyeva Ziyoda IELTS 7.5 va SAT 1410 darajali xalqaro sertifikatlar sohibasiga aylangani haqida xabar bergan edik.