Endi fermerlar hamda uning xodimlari farzandlari miqdori kamaytirilgan toʻlov-kontrakt asosida universitetga qabul qilinadi

Endi fermerlar hamda uning xodimlari farzandlari miqdori kamaytirilgan toʻlov-kontrakt asosida universitetga qabul qilinadi

Endi Toshkent agrar universiteti talabalari ishlab chiqaruvchi tashkilotlar, korxonalar, agroklasterlar va ilmiy-tadqiqot institutlarida amaliyot oʻtaydi. Talabalarni traktorchi-mashinist guvohnomasi va agrodronlardan foydalanishga oʻqitish hamda fermer va uning xodimlarining farzandlarini universitetga miqdori kamaytirilgan toʻlov-kontrakt asosida qabul qilish belgilanmoqda.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-fevral kuni qishloq xoʻjaligida yangi yerlarni oʻzlashtirish va sohada ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

 

Taqdimotga ko’ra, qishloq xoʻjaligida ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida sohadagi 22 ta ilmiy markaz, 260 ta laboratoriya hamda 2,5 mingdan ortiq olim va ilmiy xodimlarni yagona tuzilma – Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasiga birlashtiriladi.

 

Toshkent davlat agrar universitetida 13,6 ming talaba tahsil olayotgani, biroq bitiruvchilarning atigi 55 foizi oʻz sohasida ishlayotgani koʻrsatildi.

 

Shu munosabat bilan taʼlim, ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarishni uzviy bogʻlaydigan tizim yaratish, mehnat bozori talabiga mos yetuk mutaxassislar tayyorlash vazifalari belgilandi.

 

Endilikda agrar universiteti talabalarining 6,8 ming nafari ishlab chiqaruvchi tashkilotlar, korxonalar va agroklasterlarda, 2,6 mingdan ziyodi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi 22 ta ilmiy-tadqiqot institutida amaliyot oʻtaydi.

 

Shuningdek, fermer hamda uning xodimlari farzandlarining test sinovlarida ballari qabul parametrlariga yetmaganda, miqdori kamaytirilgan toʻlov-kontrakt asosida universitetga qabul qilish, yettita taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻqish davomiyligini 4 yildan 3 yilga qisqartirish taklif etildi. Talabalarni traktorchi-mashinist guvohnomasi va agrodronlardan foydalanishga oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.

 

Avvalroq, agronomlik sirlarini o‘rgatgan fermer va klasterga har bir talaba uchun 5 million so‘mdan pul, talabaga esa 1,5 million so‘m stipendiya to‘lanashi haqida xabar qilingan edi.