Maktabgacha va maktab taʻlimi vazirining 2026-yil 4-fevraldagi tegishli buyrugʻi bilan “Yil oʻqituvchisi” tanlovining ikkinchi bosqichi baholash mezonlari tasdiqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tanlov ishtirokchilari jami 10 ta mezon asosida baholanadi. Har bir mezon bo‘yicha hakamlar hay’ati tomonidan maksimal 6 ball (jami 60 ball), pedagoglar ovoz berish orqali esa 4 ball (jami 40 ball) beriladi. Shunday qilib, ishtirokchilar maksimal 100 ball to‘plash imkoniga ega bo‘ladi.
Baholash mezonlari quyidagilardan iborat:
— Dars maqsadlarining toʻgʻri qoʻyilishi va ularga erishilganligi;
— Dars tuzilishi, izchilligi va vaqtning toʻgʻri taqsimlanganligi;
— Oʻquv-metodik taʼminot, AKT va interaktiv vositalardan foydalanilganligi;
— Zamonaviy pedagogik usullar va noanʼanaviy yondashuvlar (5E, 3S+1E, inquiry-based, problem-based, project-based, shaxsga yoʻnaltirilgan taʼlim) dars mavzusi, maqsadlari, oʻquvchilar auditoriyasiga mos va samarali tarzda qoʻllanilganligi;
— Mavzuni tushunarli, mantiqiy va ravon bayon etilganligi;
— Misollar keltirish, real hayot bilan bogʻlash va amaliy faoliyatni namoyon etilganligi;
— Oʻquvchilar faolligini boshqarish, diqqatini jalb qilish va teng imkoniyatlarni taʼminlash;
— Tanqidiy va tahliliy fikrlashni rivojlantirish;
— Oʻquv muhitini xavfsiz va ijobiy ruhda tashkil etish, tarbiyaviy komponentlarning mavzu mazmuniga singdirilganligi;
— Baholash usullaridan foydalanish va doimiy konstruktiv qayta aloqani (feedback) taʼminlanganligi.
Maʼlumot uchun: “Yil oʻqituvchisi” tanlovi Tashkiliy qoʻmitasining qaroriga asosan, tanlovning ikkinchi bosqichi joriy yilning 10-fevral kuni belgilangan umumtaʼlim maktablarida boshlanishi rejalashtirilgan.
