Bugun ta’lim sohasining eng dolzarb masalalaridan biri — baholash tizimini transformatsiya qilishga bag‘ishlangan «Dalillarga asoslangan taʼlim transformatsiyasi: Baholashdagi tendensiyalar, muammolar va innovatsion yechimlar» mavzusida forum bo’lib o’tdi. Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Toshkent amaliy fanlar universiteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirga dunyoning yetakchi ekspertlari va soha rahbarlari tashrif buyurdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-apreldagi PQ-128-son qarorida taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilgan tahliliy va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish, taʼlim jarayonida jahon ilm-fani va texnologiyalari yutuqlaridan keng foydalanish boʻyicha ilmiy ishlanmalar va tavsiyalar tayyorlash vazifasi belgilangan. Mazkur forum qarordagi vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etildi.
Forumda Maktabgacha va maktab taʼlimi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklari, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi rahbariyati, YUNESKO, YUNISEF, Ta’lim bo’yicha global hamkorlik (GPE), Cambridge tashkilotlaridan xorijiy ekspertlar, Ozarbayjon, Rossiya, Angliya, Polsha, davlatlaridan ekpertlar hamda xorijiy diplomatik elchixona vakillari, mamlakatimizdagi ta’lim tizimiga aloqador tashkilotlar vakillari, oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari va prorektorlari hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan umumta’lim maktablari direktorlari ishtirok etishdi.
Forumning ochilishida so‘zga chiqqan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov islohotlar markazida nafaqat bilim berish, balki uning natijasini xolis baholash turganini ta’kidladi. “Biz shunchaki raqamlar ortidan quvmaymiz, balki har bir o‘quvchining tanqidiy fikrlash va amaliy ko‘nikmalarini shakllantiradigan tizimni barpo etishni maqsad qilganmiz,” — dedi vazir o‘rinbosari.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov baholash tizimidagi o‘zgarishlar oliy ta’lim va mehnat bozori o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lishini qayd etdi. Uning fikricha, kelajak o‘qituvchisi sun’iy intellekt va raqamli platformalar bilan ishlashni, zamonaviy baholash metodlarini mukammal bilishi shart.
Forumning muhim yoʻnalishlaridan biri taʼlimda dalillarga asoslangan qaror qabul qilish tendensiyalariga bagʻishlandi. Unda raqamli platformalar, PISA va PIRLS kabi xalqaro baholash dasturlari natijalari, shuningdek, sunʼiy intellekt asosidagi tahliliy yondashuvlardan foydalanish imkoniyatlari atroflicha koʻrib chiqildi.
Tadbirda YUNISEF, YUNESKO va Cambridge kabi nufuzli tashkilotlar vakillari ham ishtirok etib, O‘zbekistondagi islohotlarni yuqori baholashdi. YUNISEF vakili Jofri Ijumba baholash tizimi ta’limdagi tengsizlikni aniqlash uchun muhim vosita ekanligini, YUNESKO vakili Sara Noshadi dalillarga asoslangan yondashuv jahon tajribasidagi eng ilg‘or yo‘nalish ekanligini e’tirof etdi.
Ta’limni rivojlantirish markazi direktori Yuliya Risyukova 2025-yilda tizimni modernizatsiya qilish bo‘yicha aniq metodik tashabbuslar ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Toshkent amaliy fanlar universiteti rektori Abdusalom Umarov esa ushbu jarayonlarda oliygohlar va maktablar o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, pedagoglar savodxonligini oshirish muhimligiga to‘xtalib o‘tdi.
Forum baholash tizimidagi mavjud muammolarni aniqlash, subyektivlikni kamaytirish, geymifikatsiya va xalqaro tajribalar asosida innovatsion yechimlarni joriy etish boʻyicha muhim taklif va tavsiyalar ishlab chiqish uchun ochiq va samarali muloqot maydoni boʻlib xizmat qildi.


