2026/2027 oʻquv yilidan texnikumlarda stipendiya toʻlash amaliyoti yoʻlga qoʻyilishi mumkin

2026/2027 oʻquv yilidan texnikumlarda stipendiya toʻlash amaliyoti yoʻlga qoʻyilishi mumkin

Muhokamalar portaliga “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi to‘g‘risida’’gi Farmon loyihasi joylashtirildi.

 

Loyihaga muvofiq kasblarni rivojlantirish boʻyicha ustuvor islohotlarning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilangan:

 

2026/2027 oʻquv yilidan boshlab 7 ta hududda Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlarida “Kasblar shaharchalari”ni tashkil etib, ular orqali maktab oʻquvchilarini zamonaviy kasblarga yoʻnaltirish;

 

2026/2027 oʻquv yilidan boshlab texnikumlarda stipendiya toʻlash amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

 

– hududlarda 24 ta malakani baholash markazlarini tashkil etib, mehnat bozorida tan olinadigan sertifikat berishni joriy etish;

 

– Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya Respublikasi kabi davlatlarning ilgʻor taʼlim dasturlari joriy qilingan texnikumlar sonini 100 taga yetkazish.

 

Stipendiya to‘lash tartibi

 

Texnikumlarda 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab dual taʼlimda tahsil olayotgan oʻquvchilarga stipendiya toʻlash amaliyotini yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan. Bunda:

 

a) har bir oʻquvchiga fanlarni oʻzlashtirishidan qatʼi nazar bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida;

 

b) fanlarni oʻzlashtirish koʻrsatkichlari 85 foizdan yuqori hamda kasblar boʻyicha respublika va xorijiy tanlovlar gʻolibi boʻlgan oʻquvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida stipendiya toʻlanishi koʻzda tutilgan.

 

Farmon loyihasiga ko‘ra, texnikumlarning 100 mingdan ziyod oʻquvchilarini ragʻbatlantirish tizimi joriy etiladi. Hamda oʻquvchilarga 412,0 ming soʻmdan 1,2 mln soʻmgacha miqdorda Davlat byudjetidan stipendiya beriladi.

 

Shuningdek, yil yakuni boʻyicha erishiladigan natijalar:

 

1. 7 ta texnikumda “Kasblar shaharchalari” tashkil qilinadi;

 

2. Maktab oʻquvchilari qiziqqan kasbi boʻyicha amaliy koʻnikmasini sinab koʻradi;

 

3. Yoshlarning kasbga boʻlgan qiziqishi test va interfaol usul orqali aniqlanadip;

 

4. Texnikumlarda qurilish, xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi, sanoat, transport, “yashil” energetika kabi sohalardagi zamonaviy kasblar boʻyicha oʻqitish kengaytiriladi.

 

Shuningdek, 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab dual taʼlim tizimi asosida har bir hududda 14 ta “yashil” texnikumni tashkil etish rejalashtirilmoqda.