Talabalar va bitiruvchilar bandligini ta’minlash uchun “Karyera” elektron platformasi ishga tushiriladi

Talabalar va bitiruvchilar bandligini ta’minlash uchun “Karyera” elektron platformasi ishga tushiriladi

2026/2027 oʻquv yilidan boshlab respublika oliy va kasbiy taʼlim muassasalari talabalari hamda bitiruvchilarining ish bilan taʼminlanishiga koʻmaklashuvchi “Karyera” elektron platformasi joriy etiladi.

 

Bu haqda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturi doirasida maʼlum qilingan. Mazkur Farmon loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun Muhokamalar portaliga joylashtirilgan.

 

Unda oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari talabalari hamda bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash jarayonlarini raqamlashtirish asosiy maqsadlardan biri etib belgilangan.

 

Farmon loyihasiga muvofiq, “Karyera” elektron platformasi orqali talabalar, bitiruvchilar va ish beruvchilarni bogʻlovchi onlayn mehnat bozori maydoni yaratiladi.

 

Platformada sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda talabalar va bitiruvchilarning qobiliyati, oʻzlashtirish darajasi hamda qiziqishlaridan kelib chiqib, ularga mos vakant ish oʻrinlari taklif etiladi.

 

Shu bilan birga, ish beruvchilarga ham munosib nomzodlarni tanlash imkoniyati yaratiladi.

 

Bundan tashqari, platforma orqali talabalar va bitiruvchilarni ish beruvchilar bilan suhbatlarga onlayn tarzda tayyorlash imkoniyati joriy etiladi.

 

Shuningdek, ularning ishga joylashish jarayonlari ustidan avtomatik monitoring tizimi yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, OpenAI avvalroq ChatGPT platformasida kasb tanlash va ish topishga yordam beruvchi ‘‘ChatGPT Jobs’’ funksiyasini ishga tushirishi haqida ma’lum qilgan edi.