Savol: Men yaqinda oʻtkazilgan malaka sinovlarida “Yil oʻqituvchisi” tanlovining birinchi bosqichida qatnashdim hamda 110 ball oldim. Agar bizning tumandan shunday natijaga erishgan pedagoglar soni 3 nafardan ortiq boʻlsa, ularni saralab olish qanday tashkil etiladi?
Javob: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Yil oʻqituvchisi” tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablariga koʻra, “Yil oʻqituvchisi” tanlovining birinchi bosqichi oʻtgan yilning avgust-dekabr oylarida tashkil etilgan malaka sinovlari bilan integratsiya qilingan holda oʻtkazilgan.
Tanlovning birinchi bosqich natijalariga koʻra, har bir tuman (shahar)dan ballar ketma-ketligiga qatʼi rioya etgan holda eng yuqori ball toʻplagan 3 nafardan nomzod tanlovning ikkinchi bosqichiga oʻtkaziladi.
Agar tanlovning birinchi bosqichida nomzodlarning ballari teng boʻlgan taqdirda, ularni tanlab olish quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:
– nomzodning amaldagi malaka toifasi yuqoriligi;
– koʻp yillik pedagogik ish stajiga egaligi;
– mutaxassislik fanidan yuqori ball toʻplagani.
Yuqoridagi barcha holatlarda ham ballar teng kelib qolgan taqdirda, istisno tariqasida, nomzodlarning barchasi ikkinchi bosqichga oʻtkaziladi.
Maʼlumot uchun: malaka sinovlarida “Yil oʻqituvchisi” tanlovining birinchi bosqichi uchun nomzodlarga 50 ta test topshirigʻi beriladi hamda quyidagi tarzda alohida ball hisoblanadi:
– mutaxassislik fanidan (35 ta) har bir toʻgʻri javob uchun — 3,1 ball;
– pedagogik mahorati uchun (10 ta) har bir toʻgʻri javob uchun — 2,1 ball;
– kasb standarti uchun (5 ta) har bir toʻgʻri javob uchun — 1,1 bal
