“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov oʻz ijtimoiy sahifasida Prezidentning Xavfsizlik kengashi majlisidagi maʼruzasiga oʻz munosabatini bildirdi.
Unga koʻra, maktablardagi chaqiruvga tayyorlash fani mazmunini tubdan qayta koʻrib chiqish va maktabni tugatgan bolalarni (oliygohga kirganlar va sogʻlik bilan muammosi boʻlganlar mustasno) 1-1,5 yillik harbiy xizmatga jalb qilish tizimini yaratish taklifini aytgan.
Bu taklifni birinchi marta bildirishi emas.
“Bu faqat harbiy xizmat emas, yoshlarni hayotga, davr chaqiruvlariga tayyorlash tizimi sifatida ham oʻzini oqlaydi” — deydi u.
Avvalroq, Alisher Qodirov Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida maktabgacha va boshlangʻich taʼlimni har bir bola oʻz ona tilida olishi kerakligini taʼkidlagan edi.
Shuningdek, uning taʼlim-tarbiya berish jarayonida bolaga nisbatan zoʻravonlik holatlari sodir etilgani uchun pedagogni bir yil davomida pedagogik faoliyatdan chetlatishga mutlaq qarshilik bildirgani, shundan soʻng loyiha normalarini qayta koʻrib chiqilgani haqida xabar bergan edik.
