O’qituvchining ish joyi o’zgarsa maktabdagi ustamasi saqlanib qoladimi?

O’qituvchining ish joyi o’zgarsa maktabdagi ustamasi saqlanib qoladimi?

Savol

 

Hozirda direktor jamg‘armasi hisobidan 20 foiz ustama olaman. Yaqinda boshqa maktabga ishga o‘tmoqchiman. Ish joyim o‘zgarsa, 20 foizlik ustama saqlanib qoladimi?

 

Javob

 

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, pedagog xodimlarga direktor jamg‘armasi hisobidan ustamalar belgilash umumta’lim muassasasida tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan amalga oshiriladi.

 

Ishchi guruh umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi qarori asosida, muassasa direktorining buyrug‘i bilan kamida yetti kishidan iborat toq sonda tuziladi. U aynan shu ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan rahbar va pedagog xodimlar orasidan hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi kuzatuv kengashi va o‘quvchilarning ota-onalaridan vakillardan iborat bo‘ladi.

 

Umumta’lim muassasalari pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga direktor jamg‘armasi hisobidan har oylik ustamalar yangi o‘quv yili uchun o‘tgan o‘quv yili yakunlari bo‘yicha belgilanadi.

 

Pedagog xodimlarga tayinlanadigan ustama u faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasasida erishgan natijalaridan kelib chiqib tayinlanganligi hamda aynan shu ta’lim muassasasi ishchi guruhi tomonidan belgilanganligi bois, pedagog xodim ish joyini o‘zgartirganda tayinlangan ustamalar saqlab qolinmaydi.


 
Faqat bir holatdagina istisno mavjud

 

Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga boshqa hududlardan jalb etilgan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning amalda ishlagan umumta’lim muassasasining direktor jamg‘armasidan belgilangan ustama haq (foizlari) saqlanadi.

 

Bunda mazkur ustamalar bir o‘quv yili davomida saqlanadi va keyingi o‘quv yilida ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining Ishchi guruhi tomonidan qayta ko‘rib chiqiladi.

 

Agar pedagog xodimga ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi ishchi guruhi tomonidan ustama tayinlangan bo‘lib, u boshqa maktabga ishga o‘tayotgan bo‘lsa, bu holatda ham ustamalar saqlab qolinmaydi.

 

Ya’ni, faqat bir holatdagina — pedagog xodim ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktabga ishga o‘tgan taqdiridagina ustamalar bir o‘quv yili uchun saqlanib qoladi.

 

Asos: Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 24-1-bandi.