Qanday sabablarga koʻra oʻqishni koʻchirish rad etilishi mumkin?

Qanday sabablarga koʻra oʻqishni koʻchirish rad etilishi mumkin?

Xabaringiz bor, bugundan bahorgi semestr uchun oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘qishini ko‘chirish (qayta tiklash) bo‘yicha arizalarni qabul qilish boshlanadi. Arizalarni qabul qilish 20-yanvargacha (20-yanvar kuni ham) davom etadi.

 

Savol: Qanday holatlarda o‘qishini ko‘chirish haqidagi arizaga rad javobi beriladi?

 

Vazirlar Mahkamasining 13-sentyabr 2025-yildagi 578-sonli qaroriga muvofiq, quyidagi holatlar fuqaroning oʻqishini koʻchirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobi berilishiga asos boʻladi:

 

— xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega boʻlmagan oliy taʼlim tashkilotlarida yoki ularning filiallarida oʻqiganlarga;

 

— oliy taʼlim tashkilotlarining markazlari, boʻlimlari, oʻquv-maslahat punktlari va boshqalarda oʻqiganlarga;

 

— birinchi kursning birinchi semestriga oʻqishni koʻchirishga (talabaga kasallik tufayli akademik taʼtil berilgan holatlar, oʻqigan taʼlim yoʻnalishi mavjud boʻlmaganda, koʻchirib tiklash holatlari bundan mustasno);

 

— oliy taʼlim tashkilotida mos (turdosh) taʼlim yoʻnalishi (mos mutaxassislik) yoki taʼlim shakli mavjud boʻlmasa;

 

— toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etilganlar toʻlovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;

 

— talabaning shaxsiy yigʻmajildi (akademik maʼlumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;

 

— oliy taʼlim tashkilotiga davlat granti asosida koʻchirish va qayta tiklashda davlat granti asosida taʼlim oluvchilar soni (qabul parametrlari) doirasida boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlmasa;

 

— oliy taʼlim tashkiloti moddiy-texnik bazasining imkoniyati cheklanganda;

 

— maqsadli qabul qilinganlar boshqa taʼlim yoʻnalishi yoki taʼlim shakliga yoxud boshqa oliy taʼlim tashkilotiga;

 

— bir taʼlim shaklidan maxsus sirtqi taʼlim shakliga hamda maxsus sirtqi taʼlim shaklidan boshqa taʼlim shakliga;

 

— talaba Oʻzbekiston va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining oʻzaro kelishuvi asosida qabul qilinib, qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tahsil olgan yoki tahsil olayotgan boʻlsa (mazkur qoʻshma dasturning oʻzi bundan mustasno);

 

— qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda.

 

Shuningdek, talabani oʻqimagan semestrdan keyingi semestrga oʻqishga tavsiya etishga ruxsat berilmaydi.