Xabar berganimizdek, buvaydalik o‘qituvchilarning rasman dam olish kunlari ham maktabda qolib tun-u kun navbatchilik qilganiga oid murojaati e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, 37-maktab direktori Hasanboy Nishonov imzolagan va muhr qo‘yilgan buyruq asosida pedagoglar 13 sutka tun-u kun maktabda bo‘lishga majburlangan.
Kun.uz xabariga ko’ra, Maktab direktori qabul qilgan ushbu buyruqning kelib chiqish nuqtasi Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi va hukumatga bog‘lanyapti.
Xabar qilinishicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan XDFU (xizmat doirasida foydalanish uchun) grifi bilan hududiy boshqarmalarga topshiriq xati yo‘llangan. Unda xodimlardan o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilotda belgilangan muddatlar, ya’ni 2025-yil 25-dekabridan 2026-yil 5-yanvariga qadar 24 soatlik uzluksiz navbatchilikni va hududiy shtablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish so‘ralgan.
Xat mazmuni “Vazirlar Mahkamasining 20-dekabrdagi 245-sonli bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida” deb boshlanadi.
Hukumatning mazkur bayonda (bayonning 28-bandi) 25-dekabrdan 2025-yil 5-yanvarga qadar Vazirlar Mahkamasida tun-u kun ishlaydigan Respublika shtabi faoliyati tashkil etilishi, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari shu sanalar oralig‘ida 24 soatlik uzluksiz navbatchilik va hududiy shtablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, ayni xabar tarmoqlarda tarqalgach, Buvaydadagi 37-maktab direktori o‘qituvchilarga ularning lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifa yuklaganligi sababli ishdan olingandi.


