Xorijiy ta’lim hujjatlari qaysi hollarda tan olinmaydi?

Xorijiy ta’lim hujjatlari qaysi hollarda tan olinmaydi?

2025-yil 30-dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi 840-sonli qarori qabul qilindi.

 

Unga ko‘ra, Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish tartibi oʻzgartirildi.

 

Xususan, xorijiy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish rad etiladigan hollar roʻyxati yangilandi.

 

Xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish quyidagi hollarda rad etiladi:

 

– xorijiy davlatlarda kasbiy ma’lumot beradigan ta’limning umumiy me’yoriy davri (to‘liq umumiy o‘rta yoki o‘rta ma’lumotdan keyin)
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim standartlarida nazarda tutilgan davrdan 2 yildan kam bo‘lsa;

 

–  hujjat berilgan davlatda mazkur hujjat egasiga O‘zbekistondagiga nisbatan kam huquqlar berilgan bo‘lsa (ya’ni, keyingi bosqichda o‘qishni davom ettirish yoki kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi bo‘lmasa);

 

– ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan ta’lim shaklida olingan bo‘lsa;

 

– oliy ta’lim bosqichlarida quyidagi holatlar aniqlansa:

 

– bakalavriat bo‘yicha Yevropa ta’lim tizimi asosida o‘qigan har bir o‘quv yilida o‘rtacha 60 kreditdan kam to‘plangan bo‘lsa;
(bunda kunduzgi va masofaviy ta’limda o‘qish muddati 3 yildan kam, sirtqi ta’limda esa O‘zbekiston standartlarida belgilangan muddatdan 1 yildan ortiq farq qilmasligi lozim);

 

– malaka amaliyoti uchun ajratilgan vaqt:

 

– ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha — umumiy yuklamaning 10 foizdan kam;

-sog‘liqni saqlash yo‘nalishlari bo‘yicha — 6 foizdan kam bo‘lsa;

 

– magistratura bo‘yicha o‘qish muddati 1 yildan kam bo‘lsa;

 

– to‘g‘ridan-to‘g‘ri (sinovlarsiz) tan olinadigan davlatlarda olingan hujjatlar mazkur Nizomning 7-bandida belgilangan talablarga mos kelmasa.

 

Xorijiy ta’lim hujjatlarini tan olishni boshqa asoslar bilan rad etish taqiqlanadi.

 

Xorijiy davlatlar ta’lim tizimida to‘plangan kreditlar Yevropa ta’lim tizimidagi minimal talablar (har bir o‘quv yili uchun o‘rtacha kamida 60 kredit) bilan qiyoslab aniqlanadi.

 

Avvalroq, xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar toʻgʻridan toʻgʻri tan olinadigan holatlar roʻyxati yangilangani haqida xabar bergan edik.