2025-yil 30-dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi 840-sonli qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish tartibi oʻzgartirildi.
Xususan, xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish toʻgʻridan toʻgʻri (sinovlarsiz) amalga oshiriladigan hollar roʻyxati yangilandi.
Quyidagi hollarda xorijiy davlatlarda olingan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri (sinovlarsiz) tan olinadi:
– xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta, kasbiy ta’lim va malaka oshirish bo‘yicha ta’lim olganlik haqidagi hujjatlar;
– O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining filiallari yoki qo‘shma ta’lim dasturlari asosida ta’lim olgan bitiruvchilarning hujjatlari;
– har yili Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro reytinglarda (QS World University Rankings, Times Higher Education, Academic Ranking of World Universities) TOP–1000 talikdan joy olgan OTMlarda ta’lim olgan bitiruvchilarning hujjatlari (ta’limning butun davri davomida ushbu reytingga kirgan bo‘lishi shart);
– xorijiy OTMlarda maqsadli tayyorlov asosida, O‘zbekiston vazirliklari, idoralari hamda davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalar mablag‘lari hisobidan ta’lim olgan bitiruvchilarning hujjatlari;
– 1992-yil 1-yanvargacha xorijiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan shaxslarning hujjatlari;
– Oliy ta’limda sifatni kafolatlash bo‘yicha Yevropa assotsiatsiyasi (European Association for Quality Assurance in Higher Education – ENQA) to‘laqonli a’zosi bo‘lgan vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan OTMlarda ta’lim olgan bitiruvchilarning hujjatlari;
– AQSh, Avstraliya, Isroil, Kanada, Singapur, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Italiya davlatlarining vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan OTMlarda ta’lim olganlik hujjatlari;
– O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, Prezident qarorlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlarida nazarda tutilgan boshqa holatlar.





