2025-yil 30-dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi 840-sonli qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Prezident va nomli davlat stipendiyalarini olish mezonlari hamda tartibi yangilandi.
Xususan, magistratura bosqichi talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan, davlat oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi ta’lim shaklida butun o‘qish davrida barcha fanlardan a’lo baholarga o‘qiyotgan talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalariga binoan tayinlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasiga talabgorlar (keyingi o‘rinlarda — talabgorlar) uchun belgilangan kvota (yigirma ikkita) Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga muvofiq har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan tanlov yo‘nalishlari bo‘yicha (har bir tanlov yo‘nalishiga bittadan stipendiya hisobidan) taqsimlanadi.
Bunda:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi tanlovining oliy ta’lim muassasasi bosqichi har yili may–iyul oylarida o‘tkaziladi;
tanlovlarning oliy ta’lim muassasasi bosqichi mazkur Nizomga qat’iy rioya qilgan holda, oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarining xususiyatlarini inobatga olgan holda tasdiqlangan muddatda va tartibda o‘tkaziladi;
oliy ta’lim muassasalari tomonidan talabgorlar har bir tanlov yo‘nalishi bo‘yicha bittadan tavsiya etilishi mumkin.
Talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi quyidagi mezonlar asosida tayinlanadi:
— umumta’lim tayyorgarligini ilmiy-tadqiqot (ijodiy ishlar) ishlari bilan uyg‘unlashtirish;
— yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiya (tanlov)larda qatnashish;
— kamida ikkita e’lon qilingan ish (asar)ning mavjudligi;
— tillarni — davlat tilini va bitta xorijiy tilni bilish (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar davlat tillaridan tashqari), magistratura mutaxassisligi xorijiy til bo‘lgan taqdirda esa, qo‘shimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish talab qilinadi;
— O‘zbekiston tarixini bilish.
Tillarni, axborot texnologiyalarini, O‘zbekiston tarixini bilish bo‘yicha talab darajalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasiga hujjat topshirgan magistratura mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olayotgan talabgorlarning ko‘rsatkichlarini baholash mezoni
| T/r | Ko‘rsatkichlar | Qo‘yiladigan ball | Izoh |
|---|---|---|---|
| 1. | Ilmiy-tadqiqot ishlari (ilmiy maqola, tezis va boshqalar) | 40 ballgacha | Talabgor tomonidan mustaqil tanlangan asosiy 4 ta ilmiy-tadqiqot ishi inobatga olinadi va har biri 10 ballgacha baholanadi. |
| Qolgan ilmiy-tadqiqot ishlari | 10 ballgacha | Asosiy tanlangan 4 ta ilmiy-tadqiqot ishidan boshqa barcha ishlari inobatga olinadi va jami 10 ballgacha baholanadi. | |
| 2. | Erishilgan yutuqlari (Davlat mukofoti, xalqaro va respublika fan olimpiadalari hamda ko‘rik-tanlovlar g‘olibligi, patent, ixtirolar va boshqalar) | 20 ballgacha | Talabgorning tahsil olayotgan mutaxassisligiga mosligiga ustuvorlik beriladi. |
| 3. | Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan O‘zbekiston tarixi, axborot texnologiyalari, xorijiy tillar bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlari natijalari | 30 ballgacha | To‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballga mutanosib ravishda hisoblanadi. |
Quyidagilarga:
— ilmiy ishlar, yutuqlar, natijalarga aynan talabgorning muayyan ta’lim bosqichi davrida erishilganiga;
— ilmiy-tadqiqot ishlarining izchilligiga, yakka mualliflikda hamda nufuzli nashrlarda chop etilganligiga;
— ilmiy-tadqiqot ishlari, erishilgan natijalarning talabgor tahsil olayotgan magistratura mutaxassisligi mosligiga ustuvorlik beriladi.
Agar talabgor mukofot davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan bo‘lsa, sohibdor bo‘lgan sanadan keyingi davrda erishilgan natijalari va ilmiy-tadqiqot ishlari inobatga olinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga hujjat topshirgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabgorlarning ko‘rsatkichlarini baholash mezoni
| T/r | Ko‘rsatkichlar | Qo‘yiladigan ball | Izoh |
|---|---|---|---|
| 1. | Ilmiy-tadqiqot ishlari (ilmiy maqola, tezis va boshqalar) | 30 ballgacha | Talabgor tomonidan mustaqil tanlangan asosiy 2 ta ilmiy-tadqiqot ishi inobatga olinadi va har biri 15 ballgacha baholanadi* |
| Qolgan ilmiy-tadqiqot ishlari | 10 ballgacha | Asosiy tanlangan 2 ta ilmiy-tadqiqot ishidan boshqa barcha ishlari inobatga olinadi va jami 10 ballgacha baholanadi | |
| 2. | Erishgan yutuqlari (Davlat mukofoti, xalqaro va respublika fan olimpiadalari hamda ko‘rik-tanlovlar g‘olibi, patent, ixtirolar va boshqalar) | 20 ballgacha | Talabgorning tahsil olayotgan mutaxassisligiga mosligiga ustuvorlik beriladi |
| 3. | Til bilish sertifikati (bakalavriat ta’lim yo‘nalishi xorijiy til bo‘lgan taqdirda, boshqa xorijiy tilni bilish sertifikati talab etiladi) | 10 ballgacha | Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan milliy va xalqaro sertifikatlar inobatga olinadi. “B1” darajasidan past darajalar hamda amal qilish muddati o‘tgan sertifikatlar inobatga olinmaydi |
| 4. | Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan O‘zbekiston tarixi, axborot texnologiyalari, xorijiy tillar bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlari natijalari | 30 ballgacha | To‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballga mutanosib ravishda hisoblanadi |
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasiga talabgorlardan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos mavzuda kamida ikkita e’lon qilingan ilmiy-tadqiqot ishlari (ilmiy maqola, tezis va boshqalar) mavjud bo‘lishi talab etiladi.
Quyidagilarga ustuvor ahamiyat beriladi:
— ilmiy ishlar, yutuqlar va natijalarning aynan talabgorning muayyan ta’lim bosqichi davomida erishilgan bo‘lishi;
— ilmiy-tadqiqot ishlarining yangiligi, yakka mualliflikda bajarilganligi hamda nufuzli nashrlarda chop etilganligi;
— ilmiy-tadqiqot ishlari va erishilgan natijalarning talabgor tahsil olayotgan ta’lim yo‘nalishiga mosligi.
Agar talabgor muqaddam davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan bo‘lsa, stipendiya sohibi bo‘lgan sanadan keyingi davrda erishilgan natijalari va ilmiy-tadqiqot ishlari inobatga olinadi.
