«Maktabgacha va boshlangʻich taʼlimni har bir bola oʻz ona tilida olishi kerak» — Alisher Qodirov

«Maktabgacha va boshlangʻich taʼlimni har bir bola oʻz ona tilida olishi kerak» — Alisher Qodirov

Bugun, 6-yanvar kuni Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

 

Majlisda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda bolaning eng ustun manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

 

Ushbu qonun muhokamasida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov ayollar va bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish uchun alohida qonun qabul qilinayotganining oʻzi achinarli holat ekanini aytdi. Qodirov bu masalada xalqaro tashkilotlar tavsiyasiga tayanilayotgani ham uyat ekanini taʼkidladi.

 

“Bizning qadriyatlarimizda ayol va bola eng muqaddas tushuncha boʻlgan. Buyuk tarixga ega xalq sifatida bugun shunday muammolarni muhokama qilishga majbur boʻlayotganimiz achinarli”, dedi u.

 

Deputat taʼlim toʻgʻrisidagi qonunda belgilangan taʼlim tilini tanlash erkinligi masalasiga ham eʼtibor qaratib, maktabgacha va boshlangʻich taʼlimda har bir bola oʻz ona tilida tarbiya va bilim olishi majburiy norma sifatida qayd etilishi kerakligini taʼkidladi. Aks holda, bolalar na toʻliq taʼlim, na toʻliq tarbiya olayotganini aytib oʻtdi.

 

“Biz bugun bolalarimizni begona tilda boshlangʻich taʼlim olishga majbur qilyapmiz va buni oqibati bolalarimizdan maktabdan kutiladigan bilimni, bogʻchadan kutiladigan tarbiyani ololmayapmiz” — deydi Qodirov.