Qaysi hollarda talaba akademik ta’til olishi mumkin?

Qaysi hollarda talaba akademik ta’til olishi mumkin?

Akademik ta’til berish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, talabalar oʻz ixtiyoriga koʻra, qaysi ta’lim shaklida tahsil olishidan qat’iy nazar akademik ta’til olish huquqiga ega.

 

Akademik ta’til quyidagi hollarda berilishi mumkin:

 

— harbiy xizmatni oʻtash uchun;

— salomatligini tiklash uchun;

— homiladorlik va tugʻish uchun;

— bolalarni parvarish qilish uchun;

— oilasining betob aʼzosini (otasi, onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar, turmush oʻrtogʻi, farzandi) parvarish qilish uchun akademik taʼtil beriladi.

 

Talabaning akademik ta’til olish haqidagi murojaati qay tartibda ko‘rib chiqiladi?

 

Akademik ta’til olish uchun talaba tomonidan OTM rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilinadi.

 

Arizaga akademik ta’til olish uchun sabab bo‘lgan holatni asoslovchi hujjat (talabani harbiy xizmatga chaqirish haqidagi chaqiruv qog‘ozi yoki talaba doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi yoxud oilasining betob a’zosi doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi) ilova qilinadi.

 

Murojaat bir haftalik muddatda ko‘rib chiqilib, ta’til berish OTM rektori (direktori)ning buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Unda akademik ta’tilning boshlanish va tugash sanasi ko‘rsatiladi.

 

Talabaga akademik taʼtil berilishi uni oliy taʼlim muassasasidan chetlashtirish deb hisoblanmaydi. Shuningdek, talabalarga akademik taʼtil davrida stipendiyalar toʻlanmaydi.

 

Akademik taʼtildan belgilangan muddatda qaytgan talabalarga ilgari oʻzlashtirilgan fanlarni qayta oʻzlashtirish majburiyati yuklatilmaydi.