Joriy yilda qancha pedagog attestatsiya sinovlarida oliy toifa olgan?

Joriy yilda qancha pedagog attestatsiya sinovlarida oliy toifa olgan?

Joriy yilda o‘tkazilgan attestatsiya (malaka toifa) sinovlari natijalariga ko‘ra, 22 311 nafar pedagog oliy malaka toifasiga ega bo‘lgan. Bu haqda maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi sarhisob brifingida ma’lum qilingan.

 

2025 yilda maktabgacha va maktab ta’limi sohasida ta’lim sifatini oshirish, infratuzilmani yaxshilash hamda pedagoglar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, ta’lim sohasini rivojlantirish, ta’lim sifati hamda pedagoglar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida jami 23 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.

 

Jumladan, 3 ta Prezident farmoni, 5 ta Prezident qarori va 15 ta Hukumat qarori tasdiqlangan. Mazkur hujjatlar ta’lim tizimini takomillashtirish, pedagoglar mehnatini rag‘batlantirish va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan.

 

Shuningdek, joriy yilda ikki marotaba o‘tkazilgan pedagoglarning malaka toifa sinovlarida 353 604 nafar pedagog ishtirok etgan. Sinovlar natijasiga ko‘ra, 22 311 nafar pedagogga oliy, 43 445 nafariga birinchi, 60 055 nafariga ikkinchi, 13 371 nafariga mutaxassis malaka toifasi berilgan.

 

Buning natijasida umumiy hisobda 125 811 nafar pedagog malaka toifasini saqlab qolgan yoki oshirgan hamda ularga belgilangan tartibda malaka toifa sertifikatlari topshirilgan.

 

Bundan tashqari, 6 553 nafar pedagog amaldagi tartibga muvofiq, attestatsiyadan o‘tkazilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri malaka toifa sertifikatlariga ega bo‘lgan. Shuningdek, milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlarga ega bo‘lgan 48 ming 600 nafarga yaqin pedagoglarga belgilangan tartibda ustama to‘lovlari amalga oshirilgan.

 

Ma’lumot uchun, mazkur toifa sinovlarida yuqori natija ko‘rsatgan pedagoglar Talimxabarlari.uz saytida ham yoritib borilgan edi. Xususan, Beshariq tumani ixtisoslashgan maktabining matematika fani bo‘yicha tajribali o‘qituvchisi Qo‘shaquv Jasurbek Yaqubovich malaka sinovida yuqori natijani — 100 ballni to‘plab, oliy toifasini muvaffaqiyatli himoya qilgan edi.