Xitoy poytaxti Pekin shahrida odamsimon robotlarni tayyorlashga ixtisoslashgan noyob ta’lim markazi o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu markaz sanoat, tibbiyot va kundalik hayotda xizmat qiladigan robot-yordamchilarni tayyorlashga qaratilgan.
Unda real ish muhitini to‘liq aks ettiruvchi ishlab chiqarish liniyalari, yashash xonalari va logistika terminallari barpo etilgan. Mashg‘ulotlar haqiqiy sharoitga maksimal darajada yaqin tarzda olib borilmoqda.
Asosiy e’tibor bo‘yi 1,66 metr bo‘lgan “Kuafu” nomli odamsimon robot modeliga qaratilgan. Robotlar individual tarzda o‘qitiladi: har bir robot bilan ikki nafar instruktor ishlaydi. Ulardan biri VR-texnologiyalar orqali harakatlarni boshqarar ekan, ikkinchisi sensor ma’lumotlarini tahlil qiladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, robotni oddiy harakatga o‘rgatish ham katta sabr va vaqt talab qiladi. Masalan, birgina tovani ehtiyotkorlik bilan qo‘yish harakati 1250 marotaba takrorlangan. Bitta murakkab ssenariyni o‘zlashtirish esa 7–8 kun vaqt oladi.
Hozirda markazda 110 nafar yosh mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Ularning sa’y-harakatlari natijasida robotlar kelajakda zavodlar, shifoxonalar va hatto uy sharoitida insonlarning yaqin yordamchisiga aylanishi kutilmoqda.
Shuningdek, Xitoyda odamsimon robot oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingani, u Shanxay teatr akademiyasida doktorantura bosqichida tahsil olayotgani haqida ham xabar berilgan.
