Xususiy bogʻcha faoliyatini tashkil etish boʻyicha 5 ta eng muhim ma’lumot

Xususiy bogʻcha faoliyatini tashkil etish boʻyicha 5 ta eng muhim ma’lumot

Maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyatini tashkil etish qanday amalga oshiriladi?

 

Maktabgacha taʼlim tashkiloti maktabgacha taʼlimga qoʻyiladigan davlat talablariga muvofiq bolalarni tarbiyalashni, oʻqitishni, ularga qarab turishni, ularni parvarishlashni va sogʻlomlashtirishni taʼminlaydi.

 

Maktabgacha taʼlim tashkilotidagi taʼlimning mazmun-mohiyati Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlangan Maktabgacha taʼlim davlat taʼlim dasturi asosida ishlab chiqilgan taʼlim dasturida belgilab beriladi.

 

Maktabgacha taʼlim tashkilotidagi taʼlim-tarbiya jarayoni mashgʻulotlarning yillik, kalendar-mavzuli rejalari va jadvali bilan tartibga solinadi.

 

Rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari boʻlgan tarbiyalanuvchilar bilan ishlash texnologiyalari, usullari va shakllari ularning psixofizik rivojlanish xususiyatlari, oʻziga xos imkoniyatlari va sogʻligʻi holatidan kelib chiqqan holda, pedagog va tibbiy xodimlar tomonidan belgilanadi hamda maktabgacha taʼlim tashkilotining Pedagogik kengashi bilan kelishiladi.

 

Maktabgacha taʼlim tashkilotiga bolalarni qabul qilish va undan chiqarish qanday amalga oshiriladi?

 

Bolani maktabgacha taʼlim tashkilotlariga doimiy yoki vaqtincha qatnashga qabul qilish ushbu tashkilotda boʻsh joylar boʻlsa, kalendar yil davomida quyidagilar asosida amalga oshiriladi:

 

–  bola qonuniy vakilining arizasi;

 

–  Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda vakolatli organ bergan yoʻllanma (davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti uchun);

 

–  bola sogʻligʻi holati toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnoma.

 

Maktabgacha taʼlim tashkilotidagi inklyuziv guruhlarga qabul qilish uchun rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari boʻlgan bolalarga belgilangan tartibda psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tomonidan berilgan xulosani taqdim etadi.

 

Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar qabul qilinadi.

 

Maktabgacha taʼlim tashkilotida defektolog faoliyatini tashkil etiladimi?

 

Umumiy turdagi maktabgacha taʼlim tashkilotida rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari boʻlgan, shu jumladan nutqida nuqsoni boʻlgan tarbiyalanuvchilar bilan korreksion-pedagogik mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun defektolog shtat birligi kiritiladi.

 

Mashgʻulotlar maxsus pedagogika sohasida oliy maʼlumotga yoki pedagogika boʻyicha oliy maʼlumotga ega boʻlgan va maxsus pedagogika sohasida kasbiy qayta tayyorlovdan oʻtgan defektolog tomonidan oʻtkaziladi.

 

Defektolog bilan mashgʻulotlarga maktabgacha taʼlim tashkilotining quyidagi tarbiyalanuvchilari jalb qilinadi:

 

3 — 7 yoshdagi inklyuziv guruhlardagi rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari boʻlgan tarbiyalanuvchilar;

 

5 — 7 yoshdagi nutqning fonetik-fonematik rivojlanmaganligi, dislaliya (oddiy, murakkab) boʻlgan tarbiyalanuvchilar.

 

Maktabgacha taʼlim tashkiloti guruhlarini toʻldirish qanday amalga oshiriladi?

 

Guruh maktabgacha taʼlim tashkilotining tarkibiy birligi hisoblanadi.

 

Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida yangidan tashkil etiladigan guruhlar davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari taklifiga koʻra, tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi rahbarining buyrugʻiga asosan tashkil etiladi.

 

Maktabgacha taʼlim tashkilotidagi guruhlar ham bir xil yoshdagi, ham turli yoshdagi bolalar bilan toʻldirilishi mumkin.

 

Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida guruhlar quyidagi miqdorda toʻldiriladi:

 

–  3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan toʻliq kunlik guruhlarda — kamida 25 nafar, koʻpi bilan 30 nafar bola;

 

–  bolalar qisqa vaqt boʻladigan guruhlarda — kamida 15 nafar, koʻpi bilan 30 nafar bola;

 

– turli yoshdagi guruhlarda — kamida 20 nafar, koʻpi bilan 25 nafar bola;

 

–  bolalar kecha-yu kunduz boʻladigan guruhlarda — koʻpi bilan 10 nafar bola..

 

Maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanuvchilar sogʻligʻini asrashga ham eʼtibor qaratiladimi?

 

Maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilariga tibbiy yordam maktabgacha taʼlim tashkiloti shtatiga kiradigan tibbiyot xodimlari yoki sogʻliqni saqlash muassasalarining maktabgacha taʼlim tashkilotiga biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan taʼminlanadi, ular bolalarning hayoti, sogʻligʻi va jismoniy kamoloti, davolash-profilaktika tadbirlari oʻtkazilishi, sanitariya-gigiyena normalariga, ovqatlanish rejimi va sifatiga rioya etilishi uchun javob beradi.

 

Davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tibbiyot xodimlari faoliyatini nazorat qilish tuman (shahar) tibbiyot birlashmalariga yuklanadi.

 

Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tibbiyot xodimlari faoliyatini nazorat qilish uning rahbariga yuklanadi.

 

Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining shtatdagi xodimlari sogʻliqni saqlash muassasalarida belgilangan tartibda bepul tibbiy tekshiruvdan oʻtadi.