Xabar berganimizdek, joriy yilning 17-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasida aks etgan taʼlim tashkilotida taʼlim-tarbiya beruvchi shaxs tomonidan bolaga nisbatan zoʻravonlik holatlari sodir etilgani uchun maʼmuriy javobgarlik belgilashga qaratilgan norma bahslarga, tortishuvlarga sabab boʻlgan edi.
Jumladan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov taʼlim-tarbiya berish jarayonida bolaga nisbatan zoʻravonlik holatlari sodir etilgani uchun pedagogni bir yil davomida pedagogik faoliyatdan chetlatishga oid ushbu normaga mutlaq qarshilik bildirgan.
Yana bir qator deputatlarning aynan ushbu norma yuzasidan bildirgan eʼtiroz va takliflaridan soʻng reglamentga koʻra, qoʻmita taklifi ovozga qoʻyilgan. Ammo ushbu modda yetarlicha ovoz toʻplay olmagach, loyiha normalarini qayta koʻrib chiqish maqsadida qonun loyihasi masʼul qoʻmitaga qaytarilgan edi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bog‘cha va maktablarda bolalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi aniq javobgarlik tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasining yangi tahriri qabul qilindi. Yangi tahrirga ko‘ra, o‘qituvchi bolani tahqirlamasa, xo‘rlamasa va jismoniy zo‘ravonlik qilmasa, javobgarlikka tortilmaydi.
Avvalgi tahrirda turlicha talqin qilinishi mumkin bo‘lgan ruhiy bosim yoki g‘amxo‘rlik qilmagani uchun javobgarlik kabi mezonlar mavjud edi. Endi bu mezonlar kodeksdan chiqarildi.
Yangi tahrir bolalarni himoya qilish va o‘qituvchilarni aniq javobgarlik mezonlari bilan tartibga solishga qaratilgan.
