Ijtimoyi tarmoqlarda “Ta’lim kimlarning qo‘lida qoldi?” sarlavhasi ostida Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi 34-DMTT va 9-DMTTlarining direktorlari menejerlik sertifikati uchun imtihonlardan o‘tolmagan bo‘lsalarda yana sinovlarga tayyorlanayotgani, bu qanchalik to‘g‘riligi bo‘yicha xabar tarqaldi.
Ushbu holat bo‘yicha viloyat MMTB tomonidan rasmiy munosabat bildirildi. Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish, ularga menejerlik sertifikatini berish va nomzodlarni lavozimga tayinlash tizimini joriy etish to‘g‘risida” 531-son qaroriga muvofiq, “Nomzodlarga sertifikat berish uchun yakuniy sinovlarni tashkil etish va o‘tkazish” bo‘yicha 39-bandida “Birinchi marta yakuniy sinovdan o‘ta olmagan direktorlar ikki oy ichida bir marta yakuniy sinovda ishtirok etishi mumkin. Ushbu muddat ichida yakuniy sinovda ishtirok etmagan yoki ikkinchi yakuniy sinovda ham belgilangan ballni to‘play olmagan direktorlar belgilangan tartibda lavozimidan ozod etiladi” deb ko‘rsatilgan.
“Shunga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda qayd etilgan Chirchiq shahardagi 9 va 34-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlarining qayta menejerlik imtihonlarini topshirish muddati hali amalda ekanligini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.
