Huquq tartibot idoralari tomonidan Namangan shahar Sihatgoh MFY Chamanzor koʻchasida doimiy roʻyxatda turuvchi 1994-yilda tugʻilgan shaxs voyaga yetmagan yoshlarga noqonuniy diniy taʼlim berayotgani aniqlangan.
U joriy yilning iyun oyidan boshlab har oyga 300 AQSH dollaridan ijaraga olingan xonadonda hujra tashkil qilib Namangan shahri va viloyatning turli tumanlarida yashovchi 23 nafar voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy ravishda diniy taʼlim berib kelgan.
Oʻzi esa ijtimoiy tarmoqlardagi nomaʼlum saytlardan mustaqil ravishda diniy tushunchalarni oʻrgangan, lekin hech qanday diniy maʼlumotga ega boʻlmagan holda noqonuniy tarzda faoliyat olib borgan.
Mazkur hujrada diniy taʼlim olayotgan bolalarning 10 nafari 7 yoshgacha 13 nafari 7 yoshdan katta boʻlib, joriy yilda umuman maktablardagi darslarga qatnashmaganligi maʼlum boʻlgan. Shunday boʻlsada, oʻqituvchilari yoki maktab maʼmuriyati tomonidan bolalarni darslarga qaytarish boʻyicha chora-tadbirlar belgilanmagan.
Shuningdek, bolalardan biri Davlatobod tumani Orzu mahallasida yashovchi fuqaroning oʻgʻli 5-sinfda oʻqishi lozim boʻlsada, hozirgi qadar umuman maktabga bormagan. U bilan suhbat oʻtkazilganda maktab va u yerdagi darslar toʻgʻrisida tushunchaga ega emasligini aytgan. Aksincha, u diniy taʼlim olish kerakligini, dunyoviy taʼlim olish kerakmasligi haqida fikrlar bildirgan.
Maktab yoshidagi bolalarning ota-onalari maktab maʼmuriyati bilan oʻzaro kelishgan holda, ularni mavjud elektron tizimdan nazoratdan chiqarib yuborishgan. Farzandlarini darsga bormaganliklarini yashirish maqsadida oʻqish joylarini tez-tez oʻzgartirilib kelingan.
Ushbu hujrada saboq oluvchi bolalar orasidan 6 nafarining ota-onalari tomonidan oʻgʻillarining hujjatlari hech qaysi taʼlim muassasalariga topshirilmagan boʻlib, maktab darsliklari toʻgʻrisida umuman tushunchaga ega emasliklari aniqlangan.
Hozirda diniy taʼlim bergan shaxsga jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Bolalarning ota-onalari esa 47-modda asosida maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
