Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-iyuldagi 422-sonli qarorida 2020-2023-yillarda Respublika oliy taʼlim muassasalarining “Pedagogika va psixologiya” va “Psixologiya (Din sotsiopsixologiyasi)” taʼlim yoʻnalishlari bitiruvchilariga umumiy oʻrta taʼlim maktablarida “Tarbiya” fanini oʻqitish huquqi berilishi yuzasidan koʻrsatma berilgan.
Ya’ni, 2020-2021 oʻquv yili va undan keyin “Pedagogika va psixologiya” yoʻnalishini tamomlagan psixologlar “Tarbiya” fanidan dars bersa boʻladi, ammo oliygohlarning ushbu yoʻnalishini 2020-2021 oʻquv yilidan avval tamomlaganlar “Tarbiya” fanidan dars berolmaydi. Chunki ushbu yillarda taqdim etilgan diplom ilovalarida “Tarbiya” fani yoʻq.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Din ishlari qoʻmitasi, Xalq taʼlimi vazirligiga esa mazkur taʼlim yoʻnalishlari oʻquv rejalariga 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab tegishli oʻzgartirishlar kiritish vazifasi yuklatilgan.
Tarbiya fanidandan dars bermoqchi boʻlgan psixolog oʻzi tahsil olgan oliygoh tomonidan taqdim qilingan diplom ilovasida “Tarbiya” fani bor yoki yoʻqligini koʻzdan kechirib chiqishi kerak.
Agar diplom ilovasida “Tarbiya” fani qayd etilgan boʻlsa, “Pedagogika va psixologiya” va “Psixologiya (Din sotsiopsixologiyasi)” taʼlim yoʻnalishlarini 2021-yildan keyin tamomlagan psixologlar qoʻshimcha ravishda “Tarbiya” fanidan ham dars berishi mumkin.
Darslar “Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida nizom” talablari boʻyicha taqsimlanadi.
