Maktablarda dars soatlari kim tomonidan taqsimlanadi?
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish uchun umumiy oʻrta taʼlimning tayanch oʻquv rejasi ishlab chiqiladi. Umumtaʼlim muassasalari umumiy oʻrta taʼlimning tayanch oʻquv rejasi asosida har yili 10-sentyabrga qadar umumtaʼlim muassasasining dars soatlari setkasini shakllantiradi.
Bunda taʼlim qoraqalpoq, rus, qozoq, tojik, qirgʻiz, turkman tillarida olib boriladigan umumtaʼlim muassasalarida oʻqish, ona tili va adabiyot fanlari boʻyicha dars soatlari setkasi oʻquvchilar taʼlim olishni xohlagan tildan kelib chiqib, umumtaʼlim muassasalari tomonidan hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari bilan kelishilgan holda shakllantiriladi.
Umumtaʼlim muassasalari tomonidan shakllantirilgan dars soatlari setkasi umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida koʻrib chiqilib, har yili 15-sentyabrga qadar oʻqituvchilarga dars soatlari taqsimlanadi.
Dars soatlari taqsimlanishida kimlarga ustuvorlik beriladi?
– xalqaro olimpiadalar gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar;
– oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar gʻoliblari;
– chet tili va STEAM fanlaridan mutaxassisligi boʻyicha xalqaro sertifikatlarga ega oʻqituvchilar (TESOL Level 5, CEFR B2, IELTS 6 va undan yuqori, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi vazirligi tomonidan belgilanadigan boshqa sertifikatlar);
– TOP-1000 universitetlar reytingiga kiradigan dunyoning yetakchi universitetlarini bitirgan oʻqituvchilar;
– asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar;
– oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritayotgan asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi gʻoliblari;
– respublika bosqichidagi koʻrik tanlovlarda (yil oʻqituvchisi) sovrinli oʻrinlarga ega boʻlgan oʻqituvchilar;
– oliy malaka toifasiga ega oʻqituvchilar;
– birinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar;
– asosiy olimpiadalarning viloyat va tuman bosqichi gʻoliblarining oʻqituvchilari;
– ikkinchi malaka toifaga ega oʻqituvchilar;
– pedagogik yoʻnalish boʻyicha magistr darajasiga ega oʻqituvchilar;
– belgilangan tartibda oʻz fanidan oʻtkazilgan nazariy va amaliy sinovlar natijasi boʻyicha aʼlo baholarga ega oʻqituvchilar;
– oliy maʼlumotli toifasiz oʻqituvchilar;
– qayta tayyorlash boʻyicha diplomga ega oʻqituvchilar;
– oliy taʼlim muassasalarining pedagogik yoʻnalish boʻyicha bitiruvchi bosqich talabalari;
– pedagogik yoʻnalish boʻyicha xorijiy davlatlarning oliygohlarini bitirgan, biroq diplomi tan olinmagan oʻqituvchilar;
– oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar oʻrta maxsus, professional maʼlumotga ega oʻqituvchilar;
– oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar umumtaʼlim muassasasining tegishli mutaxassisligi boʻyicha rahbar xodimlari.
Eslatma! Umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan dars soatlari qayta taqsimlanishi mumkin.
Shuningdek, yuqoridagi koʻrsatkichlar ketma-ketlik asosida ustunlikka ega boʻlgan oʻqituvchilarga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanishi tavsiya etiladi. Maksimal dars soati olish imkoniyatiga ega boʻlgan oʻqituvchining yozma roziligi bilan unga ajratilishi mumkin boʻlgan dars soatlari boshqa oʻqituvchilarga berilishi mumkin.
Agar oʻqituvchi yuqorida koʻrsatilgan koʻrsatkichlarning bir nechtasiga ega boʻlganda, koʻrsatkichlarning eng ustuvorini inobatga olgan holda dars soatlari taqsimlanadi.
Aynan bir xil koʻrsatkichlar mavjud boʻlgan bir nechta oʻqituvchilar oʻrtasida dars soatlari teng taqsimlanadi.
Muhim! Umumtaʼlim muassasalarining oʻqituvchilariga yillik bir yarim stavkadan (yillik 2 322 soat) ortiq dars soatlari belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan taqsimlangan dars soatlari har yili 17-sentyabrga qadar elektron dasturga kiritiladi.
Oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxatini shakllantirish maqsadida umumtaʼlim muassasasi tomonidan quyidagi maʼlumotlar kiritilishi kerak:
– oʻqituvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan ismi, familiyasi, otasining ismi, diplom boʻyicha maʼlumoti, malaka toifasi toʻgʻrisida maʼlumotlar;
– bazaviy tarif stavkalari toʻgʻrisida maʼlumotlar, shu jumladan oʻqituvchining tarif stavkalari toʻgʻrisida maʼlumotlar (bunda oʻqituvchining har bir fan uchun maʼlumoti va tegishli malaka toifasi berilgan sanasi va amal qilish muddati koʻrsatiladi);
– pedagogik kengash tomonidan oʻqituvchilar oʻrtasida taqsimlangan dars soatlari;
– daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik uchun qoʻshimcha haq toʻlovlari;
– informatika kabineti mudirligi uchun qoʻshimcha haq toʻlovlari;
– oʻqituvchiga biriktirilgan sinf va sinf rahbarligi uchun qoʻshimcha haq toʻlovlari;
– uyda yakka tartibda mashgʻulotlar olib borayotgan oʻqituvchilarga taqsimlangan dars soatlari va ular boʻyicha oʻqituvchi xodimning tarif stavkalari;
– oʻqituvchilarga direktor jamgʻarmasi hisobidan belgilangan har oylik ustamalar miqdorlari (foizi va miqdori koʻrsatiladi);
– amaldagi meʼyoriy hujjatlarga muvofiq belgilanadigan boshqa ustama va qoʻshimcha toʻlovlar.
Umumtaʼlim muassasasi direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari tomonidan elektron dasturga kiritilgan oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxati tegishliligi boʻyicha hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari va hududiy moliya organlariga har yili 20-sentyabrga qadar koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun yuboriladi.
Elektron dasturga oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxatining toʻgʻri va haqqoniy kiritilishi uchun umumtaʼlim muassasasi direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari masʼul hisoblanadi.
Hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari va hududiy moliya organlari esa har yili 25-sentyabrga qadar oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxatini koʻrib chiqadi va ularni tasdiqlaydi yoki tasdiqlashni rad etadi.
Hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari va hududiy moliya organlari tomonidan oʻqituvchilarning tarifikatsiya roʻyxati qanday mezonlar asosida koʻrib chiqiladi?
Ular quyidagi tartibda koʻrib chiqiladi:
– bir stavkada ishlovchi oʻqituvchi uchun boshlangʻich I ― IV sinflardagi haftalik oʻquv yuklamasi ― 18 soat va pedagogik yuklamasi ― 18 soatni
– yuqori V ― XI sinflardagi haftalik oʻquv yuklamasi ― 20 soatni va pedagogik yuklama ― 16 soatni tashkil etadi.
Bunda:
– oʻqituvchining pedagogik yuklamasi haftalik oʻquv yuklamasiga mos ravishda boshlangʻich I ― IV sinflarda 1,0 koeffitsiyentga, yuqori V — XI sinflarda 0,8 koeffitsiyentga koʻpaytirilgan holda hisoblanganligi;
– umumtaʼlim muassasasining rahbar xodimi (direktor va uning oʻrinbosarlari) tomonidan asosiy lavozimning bir haftada 10 soatgacha hajmda oʻqituvchi lavozimi bilan qoʻshib olib borilganligi (oʻquv yuklamasi yuritilishiga) hamda ular tomonidan bajarilgan dars soatlariga soatbay haq toʻlanganligi;
– umumtaʼlim muassasalarining uyda yakka tartibda mashgʻulotlar olib borayotgan oʻqituvchilariga haq toʻlash bazaviy tarif stavkasini oʻquv va pedagogik yuklamalarga boʻlish, ularni yakka tartibda oʻtkazilgan haqiqiy dars soatlariga koʻpaytirish va Vazirlar Mahkamasining tegishli (1994-yil 29-sentyabrdagi 490-son) qarorida belgilangan oʻqituvchining tarif stavkasi hamda lavozim maoshlari miqdoriga qoʻshimcha oyiga 50 foiz toʻlov amalga oshirilganligi (bunda yakka tartibda oʻquvchini uyda oʻqitayotgan oʻqituvchilarning asosiy oylik yuklamasi maktabda boʻlishi shart);
– daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik uchun qoʻshimcha haq oʻqituvchining daftarlar va yozma ishlar boʻyicha tekshiriladigan fanlarning umumiy soatlari va sinf komplektidagi oʻquvchilar sonidan kelib chiqqan holda hisoblanganligi;
– sinf rahbarligi uchun qoʻshimcha haq sinfdagi oʻquvchilar soniga koʻra belgilangan miqdorlar boʻyicha hisoblanganligi;
– umumtaʼlim muassasalarida oʻqituvchilarga bittadan ortiq sinfga rahbarlik qilishga va mehnatini soatbay asosda olib boruvchi oʻqituvchilarga sinfga rahbarlik qilishga yoʻl qoʻyilmasligi (bunda boshlangʻich sinflarda sinf rahbarligi ona tili, oʻqish va matematika fanlaridan dars oʻtadigan oʻqituvchilarga yuklatiladi);
– informatika kabineti mudirligi uchun qoʻshimcha toʻlovlar belgilangan miqdorlar asosida umumtaʼlim muassasasidagi mavjud jihozlangan informatika kabineti soniga koʻra hisoblanganligi;
– informatika kabineti mudirligi informatika fani oʻqituvchisiga yuklatilganligi (bunda informatika fani boʻyicha mutaxassis boʻlmagan hollarda matematika yoki fizika fanlari oʻqituvchilariga biriktirilishi mumkin, bir nafar informatika fani oʻqituvchisiga bittadan ortiq informatika kabineti yuklatilganda faqat bitta informatika kabineti mudirligi uchun qoʻshimcha haq belgilanadi);
– direktor jamgʻarmasi hisobidan har oylik ustamalar belgilanadigan oʻqituvchilar roʻyxati umumtaʼlim muassasasida tashkil etilgan Ustamalar belgilash, moddiy ragʻbatlantirish va moddiy yordam berish boʻyicha ishchi guruh tomonidan belgilangan talablarga koʻra aniqlanishi va ustamalar miqdorlari oʻqituvchining tarif stavkasiga nisbatan hisoblanganligi;
– umumtaʼlim muassasalari oʻqituvchilariga har oylik qoʻshimcha toʻlovlar va ustamalar amaldagi meʼyoriy hujjatlarga muvofiq belgilanganligi;
– umumtaʼlim muassasasida fanlar boʻyicha vakant soatlar uchun mablagʻlarni rejalashtirish barcha ustama va qoʻshimchalarni (direktor jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlanadigan ustamalar bundan mustasno) inobatga olib, bir stavkada ishlovchi oliy maʼlumotli oʻqituvchining bazaviy tarif stavkasi hisobidan kelib chiqqan holda elektron dastur orqali hisoblanganligi;
– vakant sinf rahbarligi boʻyicha qoʻshimcha haq toʻlovlari sinfdagi oʻquvchilar soniga koʻra belgilangan miqdorlarda hisoblanganligi ko’rib chiqilishi kerak.
Eslatma! Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining (28.10.2025) qaroriga ko’ra, 2026-yil 1-avgustdan boshlab maktablarda dars taqimoti quyida tartib asosida amalga oshiriladi:
– oliy malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra);– dars beradigan fanidan pedagog xodimlarga ustama belgilashda qoʻllaniladigan milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega oʻqituvchilar (sertifikatning belgilangan darajasi va amal qilish muddatiga koʻra);– birinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra);– ikkinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra);– oliy maʼlumotli toifasiz oʻqituvchilar;– qayta tayyorlash boʻyicha diplomga ega oʻqituvchilar (oʻqituvchida qayta tayyorlash mutaxassisligi boʻyicha mazkur bandning ikkinchi — oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan koʻrsatkichlardan biri yoki bir nechtasi mavjud boʻlganda taalluqliligiga koʻra tegishli koʻrsatkichlar mavjud boʻlgan oʻqituvchilar bilan teng ustuvorlikka ega boʻladi);– oʻrindoshlik asosida ishlayotgan oliy maʼlumotli oʻqituvchilar;– oliy taʼlim muassasalarining pedagogika yoʻnalishi boʻyicha uchinchi va undan yuqori kurs talabalari;– oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar oʻrta maxsus, professional maʼlumotga ega oʻqituvchilar (faqat boshlangʻich sinflarda dars beruvchi oʻqituvchilar uchun);– oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar umumtaʼlim muassasasining tegishli mutaxassisligi boʻyicha rahbar xodimlari.Boshlangʻich sinflarda oʻqitiladigan fanlar boʻyicha dars soatlarini taqsimlashda oʻqituvchilarning boshlangʻich taʼlim mutaxassisligiga egaligi yoki tegishincha ushbu fanni boshlangʻich sinflarda oʻqitish metodikasi boʻyicha taʼlim olganligi inobatga olinadi.Umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan dars soatlari qayta taqsimlanishi mumkin.
