Menejerlik sertifikati yoʻqligi sababli maktab direktori oʻz oʻrinbosarlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlimi?

Menejerlik sertifikati yoʻqligi sababli maktab direktori oʻz oʻrinbosarlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlimi?

Prezidentning 2023-yil 26-maydagi PF-79-son Farmoniga koʻra, 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktorlariga oʻz oʻrinbosarlarini ishga qabul qilish va ishdan boʻshatish, ajratilgan umumiy soatlar doirasida oʻquv rejalariga 15 foizgacha oʻzgartirish kiritish masalalarini mustaqil hal qilish huquqi beriladi.

 

Mana shu asosga koʻra, endilikda oʻrinbosarlarni direktor oʻzi mustaqil ishdan boʻshatishga haqli.

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2025-yil 16-maydagi 159-sonli buyrugʻiga asosan, maktab direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari lavozimining malaka talablariga koʻra:

 

– kamida bakalavr darajasidagi oliy pedagogik maʼlumot;

 

– xorijiy tillardan birining boshlangʻich bosqichini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni bilishi;

 

– toʻrt yildan kam boʻlmagan pedagogik staj;

 

– pedagogik yoʻnalishda oʻqigan boʻlishi kerak.

 

Demak, OʻIBDOʻ mana shu malaka talablariga javob berishi kerak. Agar mazkur talablarga javob bermasa, unda u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 3-bandiga koʻra xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga muvofiq emasligi munosabati bilan bekor qilishga haqli.

 

Maktabda oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari yuqoridagi malaka talablariga javob bersa, uni direktor menejerlik sertifikati yoʻqligi sababli ishdan boʻshata olmaydi.