Pedagog xodimlarga har oylik ustama belgilash Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan nizomning tartiblariga qatʼiy rioya qilingan holda amalga oshirilishi shart.
Ustama belgilash faqat ochiq muhokama va baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi.
Nizomning 11- va 12-bandlariga muvofiq:
– ustama faqat oʻquv-tarbiya jarayoniga shaxsiy hissa qoʻshgan, kasbga sodiq, tashabbuskor va yuqori kasbiy darajasini namoyon etgan xodimlarga belgilanadi;
– bu baholash aniq mezonlar asosida boʻlishi va adolat va xolislik prinsiplari asosida yuritilishi lozim.
Demak, ishchi guruhning shaxsiy ziddiyat, adovat yoki subyektiv munosabat asosida ustamani rad etishi nizomga zid harakat hisoblanadi va ustama tayinlanishida faqat faoliyat mezonlari asosida baholash lozim.
Ishchi guruh qarorlarini qanday qabul qiladi?
Nizomning 15-bandiga koʻra:
– ishchi guruh qarori, majlisda ishtirok etgan aʼzolarning oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi;
– majlis vakolatli boʻlishi uchun aʼzolarning uchdan ikki qismi ishtirok etishi, shuningdek, kasaba uyushmasi, kuzatuv kengashi va ota-onalar vakillari majlisda qatnashishi shart;
– ovozlar teng boʻlib qolsa, ishchi guruh rahbarining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Masalan, agar ishchi guruhda 9 nafar aʼzo boʻlsa, kamida 6 nafari ishtirok etgan holda, 4 nafarning ovozi yetarli boʻladi. “Oddiy koʻpchilik ovoz” deganda, qaror qabul qilinayotgan majlisda ishtirok etayotgan aʼzolar sonining yarmidan koʻpi tomonidan bildirilgan ijobiy fikr tushuniladi.
Bu — ishchi guruhning umumiy tarkibi boʻyicha emas, majlisda qatnashgan aʼzolar soni boʻyicha hisoblanadi. Agar hamma — 9 nafar aʼzo qatnashayotgan boʻlsa, kamida 5 kishi maʼqullashi kerak.
Nizom 16-bandiga asosan, har bir qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va barcha ishtirokchilar tomonidan imzolanadi.
Pedagoglar qayerga murojaat qilishi mumkin?
1. Umumtaʼlim muassasasi direktoriga yozma murojaat — ishchi guruh qarorini qayta koʻrib chiqishni soʻrab.
2. Tuman mehnat inspeksiyasi va adliya boʻlimiga — pedagogning moddiy manfaatlariga tajovuz boʻlsa, u mehnat huquqlari buzilganligi asosida yuqori instansiyalarga murojaat qilishi mumkin.
Avvalroq, Vazir jamgʻarmasidan toʻlab beriladigan ustamalarga kimlar nomzod boʻla olishi va mazkur ustamalarning berilish tartibi haqida xabar bergan edik.
