Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov OpenAI kompaniyasining ta’lim bozori va davlat idoralari bilan hamkorlik yo‘nalishlari uchun mas’ul bo‘lim rahbari Valeri Foke hamda Silkroad Innovation Hub asoschisi va rahbari Asset Abdualiyevni qabul qildi.
Uchrashuv davomida oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari uchun sun’iy intellekt texnologiyalariga oid ta’lim dasturlari, treninglar, onlayn platformalar va akseleratsiya loyihalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, pedagoglar va tadqiqotchilarni sun’iy intellekt bo‘yicha resurslar, professional hamjamiyatlar va bilim almashish maydonlariga kengroq jalb etish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma o‘quv dasturlarini yaratish, eksperimental ta’lim loyihalarini yo‘lga qo‘yish, universitetlarning OpenAI innovatsion ekotizimiga integratsiyasini chuqurlashtirish hamda yoshlar va o‘qituvchilar uchun yangi raqamli imkoniyatlar yaratish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
