Gretsiyada o‘rta maktab o‘qituvchilari AI bo‘yicha o‘qitilmoqda — The Guardian

Gretsiyada o‘rta maktab o‘qituvchilari AI bo‘yicha o‘qitilmoqda — The Guardian

Gretsiya hukumati ta’lim tizimiga sun’iy intellektni keng joriy etish maqsadida o‘rta maktab o‘qituvchilari uchun maxsus AI treninglarini boshladi. OpenAI bilan tuzilgan kelishuvga ko‘ra, 20 ta maktab o‘qituvchilari ChatGPT’ning ta’limga moslashtirilgan versiyasidan foydalanishni o‘rganmoqda. Bu haqda ‘‘The Guardian’’ nashri maʼlum qildi.

 

Rasmiylarning aytishicha, loyiha muvaffaqiyatli bo‘lsa, u yanvar oyidan boshlab butun mamlakat bo‘yicha kengaytiriladi.

 

Ta’lim vaziri Sofiya Zacharaki, “Sun’iy intellekt allaqachon hayotimizda. Biz bundan chetda tura olmaymiz”, deya ta’kidlagan.

Biroq loyiha Gretsiyada turli munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ba’zi o‘qituvchilar va o‘quvchilar AI’ning o‘quv jarayoniga ta’siri borasida xavotir bildirmoqda. Ularning fikricha, sun’iy intellekt o‘quvchilarning mustaqil fikrlashi va ijodkorligini cheklashi mumkin.

 

17 yoshli o‘quvchi Aristidis Tolos bu jarayondan qo‘rqayotganini aytib, “AI — bu mashina, u ruhsiz. Undan qo‘rqaman”, degan.

OpenAI vakillari esa Gretsiya bilan hamkorlikni “yangi ta’lim bosqichi” deb atab, maktablarda AI’dan xavfsiz va to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha eng yaxshi amaliyotlar joriy etilishini ma’lum qilgan.

 

Ayrim pedagoglar loyiha o‘qituvchilarni almashtirib yuborish yoki bolalarda ekranlarga bog‘liqlanib qolishidan xavotirda. Gretsiyada yaqin orada 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash ham rejalashtirilmoqda.

 

Hozirgacha sun’iy intellekt asosan xususiy maktablarda qo‘llanilgan bo‘lsa, endi mamlakat butun ta’lim tizimi bo‘ylab ChatGPTni tatbiq etishni ko‘zlamoqda.

 

Avvalroq, Hindistonda boshlang’ich maktabdan boshlab robototexnika va sun’iy intellekt darslari kiritilganligi sababli, o‘qituvchilar uchun maxsus o‘quv-metodik materiallar tayyorlanib, treninglar o‘tkazilganligi haqida xabar bergan edik.