Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni intellektual mulk, arxiv ishi va yuridik ta’lim sohalarini isloh qilishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yuridik ta’lim va fanni yanada isloh qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Toshkent davlat yuridik universitetida klinik va dual ta’limni joriy qilish rejalashtirilgan. Talabalarning amaliyot darslari ulushi 50 foizga yetkaziladi, fuqarolik, jinoyat va biznes huquqi yo‘nalishlarida yuridik klinikalar tashkil etiladi. Zamonaviy huquq talablaridan kelib chiqib, “Raqamli huquq” va “Korporativ huquq va boshqaruv” kabi yangi ta’lim yo‘nalishlari ochiladi.
Shu bilan birga, “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” zanjiri asosida fakultetlarning tashkiliy tuzilmasini yangilash va kafedralarni bosqichma-bosqich shu’balarga aylantirish, universitetning professorlar kengashini tashkil etish taklif etildi.
