Joriy yil 17-noyabr kuni Osiyo taraqqiyot banki bilan Oʻzbekiston maktablarida STEM-taʼlimni modernizatsiya qilishga qaratilgan «Oʻrta taʼlimda STEM» loyihasi uchun 100 mln dollarlik kredit kelishuvi imzolandi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Ta’kidlanishicha, 17-noyabr kuni Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev Osiyo taraqqiyot banki Prezidenti Masato Kanda bilan uchrashgan. Uchrashuvda ISSV vazirining oʻrinbosari Akram Aliyev ham ishtirok etgan.
Tomonlar Oʻzbekiston — OTB samarali munosabatlarining 30-yilligini qayd etib, hamkorlik natijalari va kelgusidagi yoʻnalishlarni muhokama qilgan.
2026-yil may oyida Samarqandda oʻtadigan OTB Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yigʻilishiga tayyorgarlik muhokama qilingan. Ushbu jarayonini muvofiqlashtirish uchun qoʻshma yoʻl xaritasini tasdiqlash taklif etilgan.
Shuningdek, moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish, iqtisodiy zonalar infratuzilmasini rivojlantirish, ayollar va yoshlar bandligini qoʻllab-quvvatlash, eksportga yoʻnaltirilgan korxonalarni ragʻbatlantirish kabi oʻrta muddatli tashabbuslar koʻrib chiqilgan. Tomonlar 2026–2030-yillar uchun yangi Hamkorlik dasturi boʻyicha ham fikr almashgan.
Uchrashuv soʻnggida maktablarda STEM-taʻlimni modernizatsiya qilishga qaratilgan “Oʻrta taʻlimda STEM” loyihasi uchun 100 mln dollarlik kredit kelishuvi imzolangan.
