Daniyada 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlandi

Daniyada 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlandi

Daniyada 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanadi. Biroq ota-onalar 13 yoshdan kichik bo‘lmagan bolalarga ayrim platformalardan foydalanish uchun ruxsat berishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda ‘‘Reuters’’ axborot agentligi xabar berdi.

 

Bu qaror Daniya bosh vaziri Mette Frederiksenning o‘tgan oy parlamentdagi ochilish nutqida bolalar ruhiy salomatligi bo‘yicha xavotirlar sababli ijtimoiy tarmoqlarga cheklovlar kiritish zarurligi haqidagi chaqirig‘idan so‘ng qabul qilingan.

Raqamli texnologiyalar vaziri Karolayn Stage Olsen “So‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlar bolalarimizning vaqtini, bolaligidagi xotiralarini va farovonligini o‘g‘irlash orqali rivojlanmoqda va biz buning oldini endi olmoqchimiz”, – degan.

Parlamentdagi partiyalarning ko‘pchiligi ushbu reja uchun ovoz berishini bildirgan.

 

Hukumatning ma’lum qilishicha, Daniya bolalari orasida eng ko‘p ishlatiladigan platformalar Snapchat, YouTube, Instagram va TikTok hisoblanadi.

 

Daniya raqobat va iste’molchilar agentligining joriy yil fevral oyidagi tahliliga ko‘ra, mamlakatdagi yoshlar har kuni o‘rtacha 2 soat 40 daqiqa vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadi. Shu tariqa Daniya o‘tgan yili 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan Avstraliyadan keyin shunday chorani qo‘llagan navbatdagi mamlakat bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Tojikistonda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni butunlay taqiqlash taklif qilinayotganligi haqida xabar bergan edik.