Samarqandda oʻtayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ishtirokchilari 15-dekabr sanasini Butunjahon turkiy tillar kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyani qabul qildi.
Bu tashabbus Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkiya tomonidan ilgari surilib, 21 ta a’zo davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Taʼkidlanishicha, 15-dekabr tanlanishi ramziy maʼnoga ega hisoblanadi. Bu sanada 1893-yili daniyalik olim Vilgelm Tomsen turkiy tillar oilasining qadimiy yozma yodgorligi boʻlgan Oʻrxun bitiklari alifbosini oʻqib chiqqanini eʼlon qilgan. Bu esa turk til oilasining kelib chiqishini tasdiqlovchi eng qadimgi yozma manbalardan biri hisoblanadi.
Turk tillari YUNESKOning bir nechta a’zo davlatlarida yashovchi 200 milliondan ortiq insonning ona tili hisoblanadi va taxminan 12 million kvadrat kilometr hududni qamrab oladi.
