A.S. Pushkin nomidagi Davlat rus tili instituti mutaxassislari rus tilidagi eng uzun so‘zni aniqladilar. Rekord 55 harfdan iborat kimyoviy atamaga tegishli — “тетрагидропиранилциклопентилтетрагидропиридопиридиновые”. Bu so‘z 2006-yilda berilgan ixtiro patentining nomida uchraydi.
Institutning umumiy va rus tilshunosligi kafedrasi mudiri Pavel Katyshevning “РИА Новости”ga ma’lum qilishicha, bu atama piridin (azot atomi bo‘lgan olti a’zoli aromatik halqa) va tsiklopentan (besh a’zoli uglerod halqasi) tuzilmasini o‘z ichiga olgan kimyoviy birikmalar guruhini anglatadi.
Bunday uzun nomlanish Xalqaro nazariy va amaliy kimyo ittifoqi (IUPAC) qoidalari bilan izohlanadi. Ushbu qoidalarga ko‘ra, moddalarning nomlari ularning tuzilishiga qarab tuzilgani sababli, so‘zga yangi kimyoviy qismlar (ildizlar) qo‘sha- qo‘sha cheksiz uzun so‘zlar yaratish mumkin.
Ammo amaliyotda, ya’ni haqiqiy ilmiy ish va maqolalarda, bunday juda uzun so‘zlar odatda ishlatilmaydi, chunki ular juda murakkab va noqulay.
Eng mashhur misol — titin oqsili nomi bo‘lib, u 38 138 ta aminokislotadan tashkil topgan. IUPAC qoidalariga ko‘ra, uning to‘liq nomi ham shuncha qismdan iborat: “метилтреонилтреонил<…>изолейцин”. 2012-yilda jurnalist Dmitriy Golubovskiy ushbu oqsil nomining to‘liq variantini o‘qib, videoga yozib olgan. Ushbu so‘z 211 584 ta harfdan iborat bo‘lib, uni o‘qish uch yarim soatdan ortiq davom etgan.
Avvalroq rus tilidagi eng uzun so‘z deb “превысокомногорассмотрительствующий” (35 harf) so‘zi hisoblanardi.
