Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan amalga oshirilgan O‘qitish va o‘rganishni baholash bo‘yicha xalqaro TALIS 2024 tadqiqotida O‘zbekistonning 210 ta maktablari ham ishtirok etgan edi.
Dunyo bo‘yicha 55 ta davlat qatnashgan mazkur tadqiqotda O‘zbekiston tarixda ilk marotaba ishtirok etdi.
Tadqiqot natijalariga muvofiq, o‘qituvchilarning yosh tarkibi bo‘yicha O‘zbekistondagi pedagoglar nisbatan yosh sanaladi, ularning o‘rtacha yoshi 39 yosh (OECD davlatlarida esa 45 yoshni tashkil qiladi).
30 yoshgacha bo‘lgan o‘qituvchilar 22 foizni tashkil etib, bu OECD o’rtacha ko‘rsatkichidan ikki barobar ko‘p.
O‘qituvchilarning qariyb 95 foizi o‘z ishidan mamnun, bu OECD o‘rtachasidan (90 foiz) yuqori.
Shu bilan bir qatorda, 90 foizdan ortiq pedagoglar o‘z muassasasidagi ish muhitini ijobiy baholagan.
Ma’lumot uchun, TALIS tadqiqoti o‘qituvchilarning faoliyati, ularning ish sharoitlari, ta’lim muhiti va maktab boshqaruvi tizimini tahlil qilishga qaratilgan bo‘lib, bu yo‘nalishdagi eng yirik va nufuzli xalqaro tashabbuslardan biridir.
Tadqiqot, shuningdek, o‘qituvchilar va maktab rahbarlariga kasbiy va pedagogik rivojlanish masalalarida o‘z fikrlarini xalqaro miqyosda bildirish imkonini beradi.
