“Tolibon” Afg‘oniston universitetlarida 679 ta ilmiy kitobni o‘qitishni taqiqladi

“Tolibon” Afg‘oniston universitetlarida 679 ta ilmiy kitobni o‘qitishni taqiqladi

Tolibon harakati Afg‘oniston davlat va xususiy universitetlarida 679 ta ilmiy kitob va o‘quv qo‘llanmasining o‘qitilishini rasman taqiqladi.  Bu haqda Afghanistan International xabar bergan. 

 

 

Ushbu qaror, diniy ulamolar va islomshunos professorlardan tashkil topgan maxsus komissiya tomonidan kitoblarning mazmunini o‘rganib chiqishdan so‘ng qabul qilindi. 24-sentyabr kuni Oliy ta’lim vazirining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ziyourrahmon ar Aryubiy tomonidan imzolangan rasmiy xatda taqiqlangan kitoblar ro‘yxati universitetlarga taqdim etildi.

 

 

Ulamolar va mutaxassislar bu kitoblarni e’tiqod, tafakkur, diniy, siyosiy, madaniy va ilmiy jihatidan baholagan. Taqiqlangan adabiyotlar ro‘yxatiga iqtisodiyot, sotsiologiya, huquq, san’at, ijtimoiy fanlar, jurnalistika va adabiyotga oid darsliklar kiradi.  Taqiqlangan kitoblar orasida huquq asoslari, tashkilotlar iqtisodiyoti, xalqaro barqaror rivojlanish, tashkilotlar sotsiologiyasi, siyosiy sotsiologiya, antropologiya asoslari, islom sivilizatsiyasi tarixi, XX asr siyosiy tafakkuri, estetika va san’at falsafasi kabi mavzular mavjud.

 

 

Vazirlik universitetlardan taqiqlangan kitoblarga muqobil, islomiy qadriyatlar va Tolibonsiyosatiga zid bo‘lmagan darsliklardan foydalanishni so‘radi. Yangi kitoblar o‘quv dasturiga kiritilishi alohida komissiya tomonidan belgilanadi. Tolibon hokimiyatga kelganidan so‘ng, Madaniyat vazirligi huzurida maxsus komissiya tuzilib, nojoiz deb topilgan kitoblarni nashr etish va tarqatishni taqiqlashni boshladi.

 

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘oniston oliy ta’lim tizimida ayollar muallifligidagi kitoblar darslik sifatida foydalanishga taqiqlangani haqida ham xabar bergan edik.