Afg‘oniston universitetlarida ayollar muallifligidagi kitoblardan foydalanish man etildi

Afg‘oniston universitetlarida ayollar muallifligidagi kitoblardan foydalanish man etildi

Afg‘oniston oliy ta’lim tizimida ayollar yozgan kitoblar endilikda darslik sifatida qo‘llanilmaydi. Shuningdek, inson huquqlari va jinsiy zo‘ravonlik mavzularini o‘rgatish ham man qilindi.

 

 

BBC xabariga ko‘ra, jami 680 ta kitob “shariat va Tolibon siyosatiga zid” deb topilgan. Ulardan 140 tasi ayollar muallifligiga oid bo‘lsa, hatto “Kimyo laboratoriyasida xavfsizlik” singari ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar ham ro‘yxatga kiritilgan. Bundan tashqari, universitetlarda 18 ta fan taqiqlangan, ularning oltitasi ayollar mavzusiga bag‘ishlangan — jumladan “Gender va taraqqiyot”, “Ayollarning kommunikatsiyadagi roli” va “Ayollar sotsiologiyasi”.

 

 

Taqiqlangan kitoblar mualliflaridan biri, sobiq Adliya vaziri o‘rinbosari Zakiya Adeli, bu qaror haqida shunday dedi:

 

“Tolibon so‘nggi 4 yil ichida qilgan ishlarini inobatga olsak, o‘quv dasturiga bunday o‘zgartirishlar kiritilishi ajablanarli emas. Ayollarning o‘zi o‘qishga qo‘yilmasa, ularning fikrlari, qarashlari va yozganlari ham inobatga olinmaydi.”

Yangi tartib avgust oxirida rasman e’lon qilingan. Oliy ta’lim vazirligi rasmiysi Ziyourrahmon Aryobiy universitetlarga yuborgan maktubida bu qaror diniy olimlar va mutaxassislar hay’ati tomonidan tasdiqlanganini bildirgan.

 

Taqiq faqat ayollar asarlariga emas, balki eronlik mualliflar va Eron nashriyotlari chop etgan kitoblarga ham tatbiq qilindi. Qo‘mita vakillaridan biri buni “forscha g‘oyalarning Afg‘oniston o‘quv dasturiga kirib kelishining oldini olish” deb izohlagan.

 

Ismini oshkor qilishni istamagan bir professor vaziyatni shunday sharhlagan:

 

 

“Eron mualliflari va tarjimonlarining kitoblari Afg‘oniston universitetlarini global ilmiy hamjamiyat bilan bog‘lovchi asosiy ko‘prik edi. Ularning yo‘q qilinishi oliy ta’limda katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi.”

 

Kobul universiteti professori esa mavjud muammoga e’tibor qaratib, shunday dedi:

 

“Muammo shundaki, bu darsliklar jahon standartlariga mos holatda yoziladimi yo‘qmi — bu hozirgi eng dolzarb savol.”