Maktablarda smartfonlarni taqiqlash o‘quvchilarning bilimini oshiradi — tadqiqot

Maktablarda smartfonlarni taqiqlash o‘quvchilarning bilimini oshiradi — tadqiqot

Yangi xalqaro tadqiqot natijalari dars vaqtida smartfonlardan foydalanishni taqiqlash o‘quvchilarning o‘qish natijalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini isbotladi.

 

 

Pensilvaniya universitetining Uorton biznes maktabi, Javnarlal Neru universiteti va Kopengagen universiteti olimlari olib borgan ilmiy tajribada 17 mingga yaqin o‘quvchi ishtirok etdi.

 

 

Tadqiqotning asosiy maqsadi — dars paytida telefonni yig‘ib olish siyosati o‘quv faoliyatiga qanday ta’sir qilishini o‘rganish edi.

 

 

Ilmiy tajriba: telefonsiz o‘quvchilar yuqoriroq baho olgan

 

 

Tadqiqot tasodifiy nazoratli tajriba (randomized controlled trial) shaklida o‘tkazildi. Natijalarga ko‘ra, telefon taqiqi joriy etilgan sinflarda o‘quvchilarning baholari o‘rtacha 0,086 ballga oshgan.

 

 

Bu o‘sish ayniqsa past baholarga ega, birinchi kurs va no-STEM yo‘nalishidagi talabalar orasida sezilarli bo‘lgan. Olimlar bu natijani “kichik, ammo barqaror akademik yutuq” deb baholashmoqda.

 

 

Qiziq natija: cheklov tarafdorlari ko‘paydi

 

 

Telefon taqiqi siyosati nafaqat baholarga, balki o‘quvchilarning qarashlariga ham ta’sir qilgan. Tadqiqotda ishtirok etganlar tajribadan so‘ng raqamli cheklovlarni foydali deb baholagan va telefon erkinligini cheklashga nisbatan ijobiyroq munosabat bildirgan.

 

 

Olimlar bu jarayonni “o‘z-o‘zini mustahkamlovchi sikl” deb atashgan — ya’ni, o‘quvchi o‘z ko‘zi bilan foydasini ko‘rgan siyosatni keyinchalik o‘zi qo‘llab-quvvatlay boshlaydi.

 

 

“FOMO” oshdi, ammo ruhiyat o‘zgarmadi

 

 

Tadqiqotda telefon taqiqidan so‘ng o‘quvchilar orasida “FOMO” (fear of missing out) — biror narsani o‘tkazib yuborish qo‘rquvi — biroz oshgani kuzatildi.

 

 

Biroq bu holat ularning umumiy farovonlik, motivatsiya yoki raqamli hayot sifatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmagan. Ya’ni, telefonlarsiz qolish o‘quvchilarning ruhiyatini yomonlashtirmagan.

 

 

Sinfda tinchlik: kamroq shovqin, ko‘proq e’tibor

 

 

O‘tkazilgan tasodifiy sinf kuzatuvlari dars muhitida ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rsatgan.

 

 

O‘quvchilar o‘rtasidagi shovqin va o‘zaro gaplashish holatlari kamaygan;

 

Telefonlardan foydalanish keskin qisqargan;

 

O‘qituvchilarning faol ishtiroki va e’tibori oshgan.

 

 

Ba’zi o‘quvchilar tashqi tomondan biroz chalg‘igandek ko‘ringan. Bu holat olimlar fikricha, telefonni tekshirish odatidan voz kechishdagi vaqtinchalik “chekinish” bilan bog‘liq.

 

 

Shunga qaramay, talabalar o‘zlari bu chalg‘ish holatini deyarli sezmaganini bildirgan.

 

 

Xulosa: arzon, ammo samarali ta’lim siyosati

 

 

Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, darslarda smartfonlarni yig‘ib olish yoki taqiqlash siyosati — kam xarajat talab qiladigan, ammo samarali chora.

 

 

U o‘quv muhitini tinchroq, darslarning esa samaraliroq o‘tishiga xizmat qiladi. Bu ayniqsa past natijali yoki yangi o‘quvchilar uchun bu usul sezilarli foyda keltiradi.