Joriy yil 24-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Bekobod, Quyi Chirchiq va Oqqo‘rg‘on tumanlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar zaharlanish holatlari qayd etilgandi.
Avvalroq, holat yuzasidan tergov doirasida 7 kishiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilib, ish tergovi viloyat IIBBdan Ichki ishlar vazirligiga oʻtkazildi.
Ma’lum qilinishicha, viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan bir nechta autsorsing korxonalari mas’ullariga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Ish Bosh prokuratura nazoratida bo‘lib, Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari B.Valiyev rahbarligida maxsus ishchi guruh tuzilgan.
‘‘Hozirda, tibbiy yordam koʻrsatilgan bolalar orasida ogʻir va oʻta ogʻir darajada kasallanganlar mavjud emas, vaziyat shifokorlarning toʻliq nazoratida.
Shu bilan birga, barcha davlat bog‘chalarida autsorsing asosida yetkazilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Tergov yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi’’, deyiladi xabarda.
