Xalqaro raqobatbardoshlikni oshirish va Yaponiya universitetlarida xorijiy talabalarning faol almashinuvini ragʻbatlantirish maqsadida Yaponiya Taʼlim, Madaniyat, Sport, Fan va Texnologiya vazirligi (MEXT) magistratura va PhD bosqichlari uchun stipendiya dasturini taqdim etadi.
Stipendiya gʻoliblari nafaqat oʻqish toʻlovidan ozod qilinadilar, balki oylik stipendiya va borish-kelish uchun aviachiptalar bilan ham taʼminlanadilar. Yaponiya bilan diplomatik aloqalarga ega barcha mamlakat fuqarolari, APU universitetiga qabul qilingan taqdirda, ushbu imkoniyatdan foydalanishlari mumkin.
Maʼlumot uchun: MEXT stipendiyasi dunyo reytingida ilk 300 talik oliygohlar safidan joy olgan Osiyo–Tinch okeani universitetida (APU) bepul taʼlim olish imkonini beradi.
Dastur haqida batafsil maʼlumotni ushbu havola orqali olish mumkin.
Talablar:
– nomzod APU oliygohiga magistratura yoki PhD dasturi uchun qabul qilingan boʻlishi kerak;
– 1991-yil 2-apreldan keyin tugʻilgan boʻlishi shart;
– Yaponiya fuqarosi boʻlmasligi va istiqomat qilayotgan davlati Yaponiya bilan diplomatik aloqalarga ega boʻlishi kerak (umumiy ro’yxat; Oʻzbekiston ushbu roʻyxatda mavjud);
– oʻzlashtirish koʻrsatkichi (GPA) 3.00 ballik tizimda kamida 2.30 boʻlishi lozim;
– iIngliz tili bilimini tasdiqlovchi sertifikat talab qilinadi (kamida IELTS 6.5, 2024-yil 22-martdan keyin olingan boʻlishi shart);
– ariza topshirish vaqtida talaba sifatida Yaponiyaga viza olish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak;
– harbiy xizmatda boʻlgan yoki harbiy bo‘linmada ishlayotgan shaxslar ariza bera olmaydi;
– ilgari MEXT grantini qoʻlga kiritganlar kamida 3 yillik tanaffus qilmaguncha qayta topshira olmaydi;
– ushbu grantga ariza topshirganlar boshqa stipendiya, jumladan MEXTning boshqa dasturlarida qatnasha olmaydi.
Eslatma: Taʼlim yoʻnalishiga qarab qoʻshimcha talablar qoʻyilishi mumkin.
Imtiyozlari
APU tomonidan 100% oʻqish toʻlovi qoplab beriladi.
Yashash xarajatlari uchun oyiga 144 000 ¥ (taxminan 977 AQSh dollari, miqdor oʻzgarishi mumkin) ajratiladi. Borish-kelish uchun ekonom-klass aviachiptasi bilan taʼminlanadi.
Ariza topshirish tartibi:
– dastur uchun ariza qabul qilish 2025-yil 1-sentyabrda boshlanadi;
– 2026-yilda oʻqishni boshlashni istagan nomzodlar 2025-yil 12-noyabrga qadar APUga hujjat topshirishlari kerak;
– oliy taʼlim muassasasi arizalarni koʻrib chiqib, MEXTga tavsiya etiladigan nomzodlarni tanlaydi. Zarurat tugʻilganda qoʻshimcha hujjatlar soʻraladi;
– yakuniy natijalar haqida faqat saralangan nomzodlargina xabardor qilinadi.
Qatnashishni istaganlar ushbu havola orqali ariza topshirishi mumkin.
Eslatma: Arizalarni istalgan vaqtda topshirish mumkin, biroq ular belgilangan muddat tugaguncha koʻrib chiqilmaydi.
Email: welcome@apu.ac.jp
