Toshkent viloyatidagi 109 nafar tarbiyalanuvchi shifokorlar nazoratidan o‘tkazilgan

Toshkent viloyatidagi 109 nafar tarbiyalanuvchi shifokorlar nazoratidan o‘tkazilgan

Kecha, 25-sentyabr kuni Maktabgacha va maktab taʻlimi vaziri Eʻzoza Karimova, vazir oʻrinbosari Azizbek Turdiyev mazkur holatlarni shaxsan oʻrganish maqsadida Quyi Chirchiq, Oqqoʻrgʻon, Piskent va Boʻka tumanlaridagi maktabgacha taʻlim tashkilotlariga bordi. Bu haqda MMTV xabar berdi.

 

 

Avvalroq, Piskent va Boʻka tumanlaridagi maktabgacha taʻlim tashkilotlarida bolalar ovqatdan zaharlangani boʻyicha vazirlikning dastlabki munosabati berilgan edi.

 

 

Ma’lum qilinishicha, mazkur holat Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda tegishli tashkilotlar nazoratiga olingan.

 

‘‘Xususan, hududiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy hokimlik masʼullari bilan hamkorlikda bogʻchalarning ayni vaqtdagi holati, oshxonalardagi mavjud sharoitlar koʻzdan kechirildi. Bogʻcha rahbarlari, tarbiyachilar bilan yaqindan muloqot qilindi.

 

Ayni paytda Quyi Chirchiq tumanida 12 nafar, Oqqo‘rg‘on tumanida 97 nafar bola shifokorlar nazoratida boʻlib, bolajonlar salomatligi barqaror. Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ehtiyot chorasi sifatida Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi MTT tarbiyalanuvchilari navbati bilan shifokorlar nazoratidan oʻtkazilmoqda. Hozirgacha bolalar sogʻligʻiga jiddiy xavf soladigan holatlar aniqlanmadi.

 

Yuzaga kelgan holat huquq-tartibot organlari tomonidan nazoratga olingan va tergov jarayonlari boshlangan’’, deyiladi vazirlik munosabatida.