Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “O‘zbekistonda super-kontrakt to‘liq bekor qilindi” degan xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati rasmiy mumosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-sonli qarori bilan 2017-yil 20-iyunda qabul qilingan 393-sonli qaror o‘z kuchini yo‘qotdi.
393-sonli qarorga muvofiq, avval kirish imtihonlarida 56,7 balldan kam ball to‘plagan abituriyentlarga birinchi o‘quv yiliga amaldagi oshirilgan to‘lov-kontraktning ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan eng yuqori miqdorining (o‘quv yiliga amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan 10 barobar va undan ortiq oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdorining) 2 barobariga teng to‘lovni amalga oshirish sharti bilan o‘qishga kirish huquqi berilar edi.
Hozirgi kunda aynan shu tartib bekor qilindi.
Endilikda to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
– 1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari;
– 1,06 balldan 2,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 2,0 barobari;
– 2,06 balldan 3,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 2,5 barobari;
– 3,06 balldan 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 3,0 barobari.
Qabul chegaralariga 4,05 balldan ortiq ball yetmagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari oliy ta’lim muassasalari rektorlari (direktorlari) tomonidan bazaviy to‘lov-kontraktning 3,0 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.
