Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2023-yil 20-dekabrdagi 565-sonli buyrugʻiga 37-ilova sifatida tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari xodimlarining lavozim majburiyatlari”da oʻqituvchilarning vazifalari aniq koʻrsatilgan boʻlib, ular orasida “navbatchilik qilish” degan vazifa mavjud emas.
Mehnat kodeksining 115-moddasiga koʻra, ish beruvchi xodimdan mehnat shartnomasida koʻrsatilmagan ishlarni bajarishni talab qilishga haqli emas.
Shuningdek, agar ushbu Kodeksda va boshqa qonunda boshqacha qoidalar belgilanmagan bo‘lsa, mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilmagan ishni bajarishni, qonunga xilof boʻlgan yoki xodimning hayoti va sogʻligʻiga xavf soladigan, uning huquqlarini poymol etadigan vazifalarni yuklash ham taqiqlanadi.
Shu bois, oʻqituvchidan oʻz lavozim vazifalariga kirmaydigan “navbatchilik”ni talab qilish qonuniy asosga ega emas. Agar ish beruvchi bunday majburiyat yuklasa, bu mehnat qonunchiligini buzish hisoblanadi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 49-moddasiga asosan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima solinishi mumkin.
