Litva hukumati maktab o‘quvchilarini uchuvchisiz uchish apparatlarini yig‘ish, dasturlash va boshqarishga o‘rgatish bo‘yicha yangi dastur ishga tushirdi. Bu haqda Fransiyaning Le Parisien nashri xabar bergan.
To‘rt yil davom etadigan loyiha Mudofaa vazirligi, Ta’lim vazirligi hamda mahalliy hokimiyatlar hamkorligida ishlab chiqilgan.
Gazeta muxbirlari Kedaynyay shahridagi bir maktabda bo‘lib, 10–14 yosh oralig‘idagi to‘qqiz nafar bola mashg‘ulotlarga qatnashayotganini kuzatgan. Darslarda ular kengaytirilgan reallik shlemlaridan foydalanib, 3D printerlar yordamida dron qismlarini yasashni o‘rganishmoqda. Ayrim o‘quvchilar esa janglarda dronlardan foydalanish usullari haqida yangiliklardan allaqachon xabardor bo‘lishgan.
“Dronlar ko‘plab vazifalarni bajara oladi. Masalan, portlovchi moddalarni tashib, ularni tanklarga tashlash mumkin”, — deydi o‘quvchilardan biri.
Dastur qiymati 3,3 million yevro deb belgilangan. Hozircha 300 nafar bola ta’limni boshlagan va ulardan ayrimlari 16 yoshga yetgach, rasmiy ravishda dron boshqarish huquqiga ega bo‘ladi.
LINESA (Litva norasmiy ta’lim agentligi) rahbari Valdas Yankauskasning ta’kidlashicha, o‘quvchilarning 10–15 foizi keyinchalik muhandislik sohasida tahsilini davom ettirishi kutilmoqda.
