Oʻzbekistonda pedagog va rahbar xodimlarga “1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan qoʻshimcha mukofot puli beriladi.
Avvalgi tartibga koʻra, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qarori asosida umumtaʼlim muassasalari xodimlari eng kam ish haqining 50 foizigacha mukofot olishi mumkin edi.
Prezidentning “Maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida boshqaruv tizimi samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-51-sonli farmoniga muvofiq, ushbu koeffitsiyent 75 foizgacha oshirildi.
Maʼlumot uchun, hozirda eng kam ish haqi oyiga 1 mln 271 ming soʻm etib belgilangan. Shunga koʻra, pedagog va rahbar xodimlarga bu yil 953 ming 250 soʻm miqdorida mukofot puli toʻlanadi.
