Talabalarga ijara to‘lovlarining bir qismini qoplab berish tartibi qanday?

Talabalarga ijara to‘lovlarining bir qismini qoplab berish tartibi qanday?

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentyabrdagi 605-son qarorida belgilangan tartibga ko’ra,  yotoqxona bilan ta’minlanmagan va ijarada yashayotgan ayrim talabalar uchun ijara to‘lovlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.

 

Kimlarga kompensatsiya beriladi?

 

—Talaba yotoqxona bilan qamrab olinmagan bo‘lishi kerak. Agar yotoxonada joy mavjud bo‘lsa, ammo talaba ijarada yashasa, unga kompensatsiya ajratilmaydi.

 

—Talaba o‘ziga yoki ota-onasiga tegishli bo‘lmagan uyda ijarada turgan bo‘lishi shart.

 

—Faqat davlat oliygohi talabalariga beriladi. Xususiy oliygoh talabalariga taalluqli emas.

 

—O‘zbekiston fuqarolari va mamlakatda doimiy yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar murojaat qilishi mumkin. Chet davlat fuqarolariga bu imtiyoz berilmaydi.

 

—Faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotganlarga qoplab beriladi. Kechki, sirtqi, masofaviy va qo‘shma dasturda o‘qiyotgan talabalar bu imkoniyatdan foydalana olmaydi.

 

—Talaba ro‘yxatga olingan doimiy yashash joyidan boshqa hududda yashayotgan bo‘lishi lozim. Masalan, Samarqand shahrida ro‘yxatda turgan va shu shahardagi oliygohda o‘qiyotgan talabaga kompensatsiya berilmaydi. Ammo Kattaqo‘rg‘on tumanida ro‘yxatda bo‘lib, Samarqand shahrida o‘qiyotgan talabaga qoplab berilishi mumkin.

 

—Davlat granti yoki kontrakt asosida o‘qiyotganligining farqi yo‘q, ikkala holatda ham beriladi.

 

Qoplab beriladigan summa:

 

—Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (412 ming so‘m).

 

—Boshqa hududlarda – yarim baravari (206 ming so‘m).

 

Ijara shartnomasi talabi

 

Kompensatsiya olish uchun ijara.soliq.uz portalida ro‘yxatdan o‘tgan ijara shartnomasi bo‘lishi zarur. Shartnoma bo‘lmasa, to‘lov amalga oshirilmaydi.

 

Faqat 1-kurs talabalariga sentyabr va oktyabr oylarida istisno tariqasida shartnoma so‘ralmaydi. Noyabrdan boshlab ulardan ham shartnoma talab qilinadi. Bir nechta talaba bir uyda yashayotgan bo‘lsa, ularning barchasi shartnomada qayd etilishi kerak.

 

Shuningdek, uyini ijaraga bergan fuqarolar daromad solig‘idan ozod etiladi. Shuning uchun ular shartnomani rasmiylashtirishdan cho‘chimasliklari mumkin.

 

Birinchi navbatda kimlarga beriladi?

 

—Ijtimoiy yordamga muhtoj talabalarga.

 

—Faol va o‘rnak ko‘rsatgan talabalarga.

 

Qoidaga ko‘ra, davlat oliygohlarida ijarada yashayotgan talabalarining 60 foiziga byudjet mablag‘lari hisobidan kompensatsiya beriladi. Qolganlari uchun esa universitetning tashqi mablag‘lari jalb qilinishi mumkin.

 

Ariza topshirish tartibi:

 

Ariza har oyning 7-sanasiga qadar onlayn tarzda yuboriladi. Buning uchun:

 

1. kontrakt.edu.uz axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tiladi.

 

2. Shaxsiy kabinetdan “Ijara to‘lovlari” bo‘limi tanlanadi.

 

3. “Ariza yuborish” tugmasi bosilib, ariza topshiriladi.

 

Rad etish sabablari:

 

—Soxta hujjat topshirilgan bo‘lsa.

 

—Manzil mos kelmasa.

 

—Ariza belgilangan muddatdan kech topshirilsa.

 

Agar noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etgan yoki shartnomani qalbakilashtirgan talaba aniqlansa, unga kompensatsiya to‘lash to‘xtatiladi. Kamchiliklar bartaraf etilgach, arizani qaytadan topshirish mumkin.

 

To‘lov to‘xtatiladigan holatlar:

 

—Talaba akademik ta’tilga chiqqanida.

 

—Kursda qoldirilgan yoki safdan chetlashtirilgan taqdirda.

 

Ijara shartnomasi bekor qilinganda yoki manzil o‘zgarganda (3 ish kuni ichida xabar berilishi kerak).