Kvota to‘g‘risidagi prezident farmoyishida kontrakt asosida magistraturaga kiradigan talaba xotin-qizlarning kontrakt pullarini to‘lab berish qayd etilgan. Kontrakt pullari hech qanday qaytarish shartlarisiz to‘lab beriladi.
Buning uchun:
Magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlar har yili 15-sentyabrgacha o‘zlari o‘qiyotgan OTM rektori nomiga ariza bilan murojaat qilishadi. Bu sanadan kech qolganlarning kontrakti to‘lanmaydi. Talabgorlarning arizalari yig‘ilib OTM tegishli bo‘lgan vazirlikka yuboriladi.
15-oktyabrgacha OTMlarning rektorlari talabgorlarning kontrakt pullarini to‘lab berish to‘g‘risida buyruq qabul qiladi. Ma’lumot uchun: magistratura uchun chet tili sertifikati majburiy. Bunda filologiya ta’lim yo‘nalishlari uchun sertifikat darajasi kamida C1, boshqa barcha ta’lim yo‘nalishlari uchun esa B2 bo‘lishi kerak.
Kechki yoki masofaviy ta’lim shaklida o’qiyotgan xotin-qizlarning ham kontrakti to’lab beriladimi?
Prezidentning «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmoni 3-bandining «b» kichik bandi birinchi xatboshisi, «Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida» 2022-yil 15-iyundagi PQ-279-son qarori 3-bandining «b» kichik bandi ikkinchi xatboshisi hamda Vazirlar Mahkamasining «Davlat oliy ta’lim muassasalari magistratura bosqichida ta’lim olayotgan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lab berish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2022-yil 15-avgustdagi 447-son qarorlariga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplanadi.
Bu yerda quyidagi muhim kalit so‘zlar bor:
1. davlat oliygohida;
2. magistratura bosqichida;
3. barcha xotin-qizlarga;
4. qaytarish shartisiz.
Ya’ni:
1. xorijiy yoki nodavlat oliygohlarga taalluqli emas;
2. magistratura bosqichiga kirgan bo‘lsa bo‘ldi, ta’lim shakliga hech qanday talab yo‘q. Chunki “kunduzgi” so‘zi mavjud emas;
3. barcha xotin-qizlarga to‘lanadi, kambag‘al, ehtiyojmand yoki qanaqadir imtihondan o‘tgan, a’lo bahoga o‘qigan degan talablar yo‘q;
4. to‘langan kontrakt miqdorlari qaytarilmaydi, 7-yilda, foizsiz bo‘lib to‘lash, degan qoidalar mavjud emas.
Amaldagi qonunchilikda xotin-qizlar magistratura bosqichining aynan kunduzgi ta’lim shakliga kirsagina kontrakti to‘lab beriladi, degan qoidalar mavjud emas. Umumiy magistratura deyilgani uchun kechki va masofaviy shakllariga kirganda ham qoplanishi kerakligi aytilgan.
