2014-yil 20-mart kunidagi 2577-son ‘‘Umumta’lim maktablarini darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida’’gi Nizomning 30-bandiga koʻra, ayrim toifadagi oʻquvchilar umumtaʼlim maktabi kutubxona jamgʻarmasi tomonidan darsliklar toʻplami bilan bepul taʼminlanadi.
Bular:
– 1-sinf oʻquvchilari;
– “Mehribonlik” uylari, maxsus maktab va maktab-internatlarning tarbiyalanuvchilari boʻlgan oʻquvchilar;
– ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan oilalardagi oʻquvchilar.
Bunda ijtimoiy yordamga muhtoj oilalardagi oʻquvchilar roʻyxati 1-sentyabrgacha fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari iltimosnomasi va ota-onalar qoʻmitasining xulosasiga asosan umumtaʼlim maktabi pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Shuningdek, jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsoni mavjud boʻlgan oʻquvchilarni darsliklar bilan taʼminlash foydalanishga yaroqli boʻlgan mavjud darsliklarni hisobga olgan holda umumtaʼlim maktabi kutubxona jamgʻarmasini yangilash va toʻldirish orqali amalga oshiriladi.
Oʻquvchini boshqa umumtaʼlim maktabiga oʻtkazish toʻgʻrisida buyruq chiqarilgan taqdirda, unga bepul foydalanish uchun berilgan darsliklar uch kun ichida umumtaʼlim maktabi kutubxona jamgʻarmasiga qaytarilishi lozim. Bunda umumtaʼlim maktabi maʼmuriyati tomonidan oʻquvchi joriy oʻquv yilida darsliklar toʻplami bilan bepul taʼminlanishi lozimligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma beriladi. Oʻquvchi uni qabul qilgan umumtaʼlim maktabi tomonidan mazkur maʼlumotnoma asosida darsliklar toʻplami bilan bepul taʼminlanadi.
Umumtaʼlim maktablarining oʻqituvchilari dars mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan darsliklar va OʻMQlar bilan umumtaʼlim maktabi kutubxona jamgʻarmasining zaxirasi hisobidan bepul taʼminlanadi.
Oʻquvchi va oʻqituvchilarga bepul foydalanish uchun berilgan darsliklar va OʻMQlar oʻquv yili yakunida toʻliq hajmda umumtaʼlim maktabi kutubxona jamgʻarmasiga qaytariladi, birinchi sinf oʻquvchilariga berilgan ish daftarlari bundan mustasno.
