“Xususiy institutda maktabgacha taʼlim yoʻnalishida 2-kursda oʻqiyman. 2-kursdan pedagogik faoliyat bilan shugʻullangan holda maktabda dars bersam boʻladimi?”
Amaldagi qonunchilikka koʻra, talabaning qaysi kursda oʻqishi uning ishlash huquqiga toʻsqinlik qilmaydi. Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirining 9-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim toʻgʻrisida”gi nizomning 50-bandida kunduzgi taʼlimda oʻqiyotgan talabalar taʼlimdan boʻsh vaqtlarida mehnat faoliyati bilan shugʻullanishi mumkinligi belgilangan.
Biroq, ayrim sohalarda ishlash uchun qoʻshimcha talablar bor. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-yanvardagi 10-son qaroriga ilova qilingan “Davlat maktabgacha taʼlim tizimi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomda quyidagi qoidalar belgilangan:
– oliy yoki oʻrta-maxsus, kasb-hunar maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga pedagog sifatida ishga qabul qilish mumkin emas.
– pedagogika yoʻnalishida oliy taʼlim muassasasining 3-4-kurslarida oʻqiyotgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin va ularga oʻrta-maxsus maʼlumotli tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi miqdorida maosh belgilanadi.
Demak, agar sizda maktabgacha taʼlim sohasida oʻrta-maxsus yoki kasb-hunar maʼlumoti boʻlmasa, davlat maktabgacha taʼlim muassasalarida pedagogik faoliyatni faqat 3-kursdan boshlab amalga oshirish mumkin. Agar bu sohada oʻrta-maxsus maʼlumotingiz boʻlsa, 2-kursdanoq ishlash mumkin.
Shu bilan birga, maxsus malakani talab qilmaydigan boshqa sohalarda esa istalgan kursdan erkin ishlash imkoniyati mavjud.
